O‘zbekiston hukumati urush qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolar uchun transportda imtiyozli sayohat qilishni ta’minlash bo‘yicha qaror qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, 1-oktabrdan boshlab ushbu toifadagi fuqarolar samolyot, poyezd va shaharlararo avtobuslarda bepul yoki 50% chegirma bilan chipta olishlari mumkin bo‘ladi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ, rezident aviakompaniyalar, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va avtovokzallar imtiyozli chiptalarni Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimi ma’lumotlari asosida rasmiylashtiradi.
Imtiyozli chipta olish uchun fuqaro faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjat — ID-karta yoki biometrik pasportni taqdim etishi kifoya.
Transport turiga qarab, imtiyozli toifadagi shaxslarga quyidagi chiptalar beriladi: havo transportida — “ekonom” tarifidagi chipta; temir yo‘l transportida — “ekonom” vagon, platskart yoki kupe vagonidagi joy.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolar “Ijtimoiy karta” (Baraka) mobil ilovasi orqali ham bepul yoki imtiyozli chiptalarni xarid qilishlari mumkin bo‘ladi.
Ushbu transport xizmatlari uchun xarajatlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Source: uznews.uz