O‘zbekiston boks federatsiyasi xabariga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan birinchi o‘zbekistonlik bokschi Rufat Asadovich Risqiyev 76 yoshida og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi.
Rufat Risqiyev 1949-yilning 2-oktabrida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. U O‘zbekiston jismoniy tarbiya institutida tahsil olgan va sportdagi faoliyatini yoshligidan boshlagan.
U 1974-yilda 75 kilogramm vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan. 1976-yilda esa Monrealda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston sporti tarixida muhim sahifa ochgan.
“Osiyo yo‘lbarsi” va “Toshkent yo‘lbarsi” nomlari bilan tanilgan Risqiyev Avstriya, Bolgariya, Vengriya, Polsha, Chexoslovakiya va Yugoslaviyada o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, u Kuba ochiq chempionatining ikki karra (1973, 1974) chempioni hisoblanadi.
Sportchilik faoliyatidan so‘ng Rufat Risqiyev “Dinamo” sport jamiyatida yo‘riqchi, Toshkent politexnika institutida kafedra mudiri va Respublika olimpiya o‘rinbosarlari bilim yurtida murabbiy sifatida ishlagan. Uning tajribasi yosh avlod sportchilariga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Rufat Risqiyevning hayoti va faoliyati haqida “Ringga chaqiriladi” badiiy filmi suratga olingan bo‘lib, unda bokschining o‘zi bosh rolni ijro etgan. U “Buyuk xizmatlari uchun”, “El-yurt xurmati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan.
Faoliyati davomida Risqiyev 189 marta ringga ko‘tarilgan va shulardan 174 tasida g‘alaba qozongan. Uning nomi O‘zbekiston boks tarixida abadiy qoladi.
Source: www.gazeta.uz