O‘zbekiston Xitoydan Jet A-1 markali aviatsiya yoqilg‘isini uzoq muddatli asosda xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bu aviakerosin yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilish va ta’minot barqarorligini oshirish imkonini beradi.
“O‘zbekneftgaz” AJ axborotiga ko‘ra, kompaniya boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yu Tszyun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va neft-gaz sohasidagi yangi istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri O‘zbekistonga Xitoydan Jet A-1 aviatsiya yoqilg‘isini uzoq muddatli yetkazib berish bo‘ldi. Avvalroq O‘zbekiston prezidentiga mamlakatning aviatsiya kerosiniga bo‘lgan ehtiyoji to‘g‘risida ma’lumot taqdim etilgan edi. Hujjatda qayd etilishicha, yilning ikkinchi yarmida bu ehtiyoj 375 ming tonnani tashkil etadi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga ko‘p. O‘sish Markaziy Osiyo orqali amalga oshiriladigan aviaqatnovlar sonining ko‘payishi bilan bog‘liq.
Kerakli hajmning asosiy qismini mahalliy neftni qayta ishlash zavodlari hisobiga ta’minlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Gruziya, Iroq va boshqa davlatlardan aviatsiya kerosini importini yo‘lga qo‘ygan.
Shu munosabat bilan tomonlar Xitoy elchixonasining “O‘zbekneftgaz”ning China National Aviation Fuel Group (CNAF) va Sinopec bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatishiga ko‘maklashish masalasini ham ko‘rib chiqdi.
Hozirda “O‘zbekneftgaz” CNPC, CCDC, BGP, Jereh va Honghua kabi yirik Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda. Qo‘shma loyihalar geologik qidiruv, quduqlar qurilishi, servis xizmatlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni qamrab oladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiya va texnologik loyihalarni amalga oshirish hamda energetika sohasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyorligini tasdiqladi.
Source: podrobno.uz