Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident tomonidan imzolangan yangi qonun fuqarolar va tadbirkorlarning iqtisodiy hamda ma'muriy sudlarga murojaat qilish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Ushbu hujjat amaldagi qonunchilikka bir qator muhim o'zgartirish va qo'shimchalar kiritadi.

Xususan, Ma'muriy sud ishlarini yuritish kodeksi yangi 148-1-modda bilan to'ldirildi. Ushbu norma ma'muriy organ mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisiga kelmagan taqdirda yuzaga keladigan oqibatlarni belgilaydi.

Yangi qoidaga ko'ra, ma'muriy organ qarori yoki uning mansabdor shaxsining harakati yoki harakatsizligi ustidan berilgan ariza yoki shikoyatni ko'rib chiqishda tegishli mansabdor shaxs yoki uning vakilining sud majlisida ishtirok etishi majburiy hisoblanadi.

Agar bunday shikoyatni ko'rib chiqishda mansabdor shaxs yoki uning vakili majlisga kelmasa, sud muhokamasi keyinga qoldirilishi kerak. Shu bilan birga, sud mansabdor shaxsning kelmaslik sababini uzrli deb topmasa, u mansabdor shaxsga nisbatan sud jarimasi qo'llashga haqli.

Qonunda ushbu qoidadan istisno ham nazarda tutilgan. Sud, agar mansabdor shaxs yoki ma'muriy organ vakilining yo'qligi ishni har tomonlama, to'liq va to'g'ri hal etishga to'sqinlik qilmaydi degan xulosaga kelsa, ularning ishtirokisiz ishni ko'rib chiqishi mumkin.

Ushbu talab ma'muriy organlarning qarorlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinadigan ishlarni ko'rib chiqishga nisbatan qo'llaniladi. Yangi qonun sud jarayonlarida davlat organlari vakillarining ishtirokini kuchaytirish va fuqarolar huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Source: uznews.uz