Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) konida 15-avgust kuni avariya holatidagi quduqni yopish ishlariga rasman start berildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot kotibi Mo‘min Ibodov ma’lum qildi.

Kon yaqinida joylashgan Kofrun qishlog‘i aholisi bilan uchrashuvda “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov, Boysun tumani hokimi Bahodir Shukurov va Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda quduqni yopish rejasi va aholi xavfsizligini ta’minlash choralari muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, ishlarga CNPC tarkibiga kiruvchi Xitoyning CCDC (Chuanqing Drilling Engineering Company Limited) kompaniyasi jalb etilgan. Shuningdek, Rossiyaning “Rosneft”, AQShning Schlumberger va Janubiy Koreya kompaniyalarining takliflari ham o‘rganilgan.

Fevral oyi oxirida viloyatga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamkorlar bilan birgalikda quduqni yopishning ilmiy yechimi topilganini ma’lum qilgandi. “Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz”, — degandi davlat rahbari.

“O‘zbekneftgaz”ning xabar berishicha, yil oxirigacha Xitoy va boshqa davlatlardan Boysunga 40 dan ortiq maxsus texnika, jumladan, tarkibida vodorod sulfid yuqori bo‘lgan gaz bilan ishlashga qodir bo‘lgan burg‘ilash uskunalarini olib kelish rejalashtirilmoqda. Burg‘ilash ishlari yanvardan boshlanishi kutilmoqda.

Quduqni to‘liq yopish 2027-yilning iyuliga mo‘ljallangan. M-25 hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi o‘zlashtirilmagan eng yirik gaz koni hisoblanadi. Konni o‘zlashtirish bilan birga, gazni qayta ishlash majmuasini qurish ham rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-sentabr kuni konning 604-sonli qudug‘ida burg‘ilash ishlari vaqtida sodir bo‘lgan avariya oqibatida gaz sizib chiqishi yuz bergandi. Mahalliy aholi evakuatsiya qilingan. Avariyani bartaraf etish ishlari ikki hafta davom etdi, biroq 17-sentabr kuni gaz sizib chiqishi qayta boshlandi va hodisa oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. 2025-yil mart oyida kondagi boshqa quduqdan ham gaz chiqishi sodir bo‘ldi.

Sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov konning xususiyatlari va murakkabligi haqida gapirar ekan, avariyani “favqulodda holat” deb atagandi. Eriell rahbari maslahatchisi esa favqulodda hodisani qatlamdagi anomal yuqori bosim va vodorod sulfidning uskunalarga ta’siri bilan izohlagandi.

Source: www.gazeta.uz