Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Hududgaz Qoraqalpog‘iston” gaz ta’minoti filiali mas’ullari tomonidan jiddiy moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlangan.

Tekshiruv davomida filial tomonidan qabul qilib olingan va iste’molchilarga yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi o‘rtasida katta tafovut yuzaga kelgani ma’lum bo‘lgan. Mas’ullar bu tafovutning asl sabablarini o‘rganmasdan, uni oddiy yo‘qotish sifatida hisobotga kiritib, davlat va jamiyat manfaatlariga 251,5 mlrd so‘mlik zarar yetkazgan.

Departamentning Qoraqalpog‘iston boshqarmasi tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda filial rahbariyati tomonidan tabiiy gazning katta qismi o‘zlashtirilgani yoki rastrata qilingani, shuningdek, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari mavjudligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, aybdor shaxslar aniqlanmoqda.

Bu kabi holatlar mamlakatimizda energetika sohasida nazoratning zaifligi va korrupsiyaning keng tarqalganini ko‘rsatadi. Jamoatchilik bu ishning oshkora va adolatli hal etilishini kutmoqda.

Source: www.gazeta.uz