Prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni Xorazm viloyatiga rasmiy tashrifini amalga oshiradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida davlat rahbari viloyatda sanoat, ta’lim, transport, turizm va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar hamda yaratilgan infratuzilma bilan yaqindan tanishadi. Xususan, ishlab chiqarish quvvatlari, ta’lim muassasalari, yo‘l-transport infratuzilmasi va sayyohlik ob’ektlarining holati o‘rganiladi.
Shuningdek, tashrif doirasida bir qator yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan.
Tashrifning ikkinchi kuni, ya’ni 18-avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuvda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznes muhitini yaxshilash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning hududlarga tashriflari doirasida mahalliy muammolarni o‘rganish va ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanadi. Xorazm viloyati ham ushbu jarayonda alohida e’tiborda.
Source: www.gazeta.uz