Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2026-yilning birinchi yarmida xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada oshib, 9,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,1 mlrd dollarga yoki 13 foizga ko‘pdir. Markaziy bank sharhiga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarim yilligida bu raqam 8,2 mlrd dollarni tashkil qilgandi.

Daromadlar hajmi yil davomida barqaror o‘sib bordi. Yanvar va fevral oylarida har oy 1,2 mlrd dollardan, mart oyida 1,3 mlrd, aprelda 1,6 mlrd, mayda 1,7 mlrd va iyunda esa 2,2 mlrd dollar kelib tushgan. O‘tgan yilning mos oylarida bu ko‘rsatkichlar yanvar-fevralda 1,1 mlrd dollardan iyunda 1,8 mlrd dollargacha bo‘lgan oraliqda edi.

Markaziy bank mutaxassislarining fikricha, pul o‘tkazmalarining o‘sishi an’anaviy mehnat migratsiyasi mamlakatlarida ishchi kuchiga bo‘lgan talabning yuqoriligi va ish haqi darajasining saqlanib qolishi bilan bog‘liq. Shuningdek, yil boshidan buyon ushbu mamlakatlar milliy valyutalarining mustahkamlanishi ham muhim omil bo‘ldi.

Xususan, Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada birinchi chorakda o‘rtacha nominal ish haqi 106,9 ming rublga yetib, nominal ifodada 15,1 foizga, real ifodada esa 8,7 foizga o‘sgan. Shu bilan birga, Rossiya rubli dollarga nisbatan o‘rtacha 13,5 foizga mustahkamlangan.

Mehnat migratsiyasi geografiyasining diversifikatsiyalashuvi ham kuzatilmoqda. Yanvar-iyun oylarida Buyuk Britaniyadan pul o‘tkazmalari 62 foizga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 27 foizga, AQShdan esa 19 foizga o‘sdi. Irlandiyadan tushumlar 86 foizga, Litvadan 18 foizga, Niderlandiyadan 7 foizga oshgan.

Pul o‘tkazmalari tuzilmasi ham o‘zgarmoqda. Jismoniy shaxslar tomonidan olingan mablag‘larning 4,8 mlrd dollari (51,7 foizi) xorijdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartalariga p2p-o‘tkazmalar orqali kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga o‘sdi. An’anaviy xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali 4,3 mlrd dollar (46,7 foiz) kelib tushgan bo‘lib, bu yo‘nalishda o‘sish atigi 0,3 foizni tashkil etdi.

SWIFT orqali bank o‘tkazmalari esa 142 mln dollarni (1,6 foiz) tashkil etib, ularning hajmi 43 foizga qisqargan. Markaziy bank p2p-o‘tkazmalari ulushining o‘sishini raqamli to‘lov xizmatlarining keng tarqalishi, operatsiyalarning yuqori tezligi va past tranzaksiya xarajatlari bilan izohlamoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mobil o‘tkazmalar xalqaro o‘tkazmalarni amalga oshirishning eng arzon usuli hisoblanadi.

O‘z navbatida, birinchi yarim yillikda O‘zbekistondan xorijga 1,3 mlrd dollar jo‘natilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga yoki taxminan 100 mln dollarga ko‘pdir.

Source: www.gazeta.uz