O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatda bo‘lib to‘lash xizmatlari operatorlari faoliyati rasman tartibga solinadi. Hujjatda banklar va mikromoliya tashkilotlaridan tashqari bo‘lib to‘lash xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun maxsus reyestrga kiritilishi belgilangan.
Yangi tizimga ko‘ra, bo‘lib to‘lash operatori sifatida faoliyat yuritish huquqi yuridik shaxslarga Markaziy bank tomonidan shakllantiriladigan Reyestrga kiritilgandan so‘nggina paydo bo‘ladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari reyestrga Markaziy bankni xabardor qilish orqali, boshqa yuridik shaxslar esa hisobga olish ro‘yxatidan o‘tish orqali kiritiladi.
Qarorda bo‘lib to‘lash xizmati ob’ekti bo‘lishi mumkin bo‘lmagan mulklar ham aniq belgilangan: ko‘chmas mulk hamda qonunchilikka muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalada cheklangan boshqa mol-mulk bo‘lib to‘lash xizmati ob’ekti bo‘la olmaydi.
Operatorlarga moliyaviy iste’mol kreditlari berish va jismoniy shaxslarning pul mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi. Shuningdek, ular bo‘lib to‘lash shartnomalari bo‘yicha talab qilish huquqini faqat boshqa operator, mikromoliya tashkiloti yoki bankka o‘tkazishlari mumkin.
Hujjatda bo‘lib to‘lash shartnomalariga qo‘yiladigan talablar ham belgilangan: ob’ekt qiymati 250 BHMdan (1-sentabrdan 110 million so‘m) oshmasligi kerak; komissiya to‘lovlari va boshqa to‘lovlar yakuniy narxda alohida ko‘rsatilishi shart; barcha qo‘shimcha to‘lovlar yiliga asosiy qarzning yarmidan oshmasligi kerak; iste’molchi istalgan vaqtda jarimasiz muddatidan oldin to‘lash huquqiga ega; shartnoma muddati 12 oydan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, kelgusi yildan boshlab tovar iste’mol kreditlari beruvchi tashkilotlar qiymati 3 BHMdan (1,32 million so‘m) oshmaydigan shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etishdan ozod qilinadi.
Source: uznews.uz