Toshkentda 38-Xalqaro informatika olimpiadasi (International Olympiad in Informatics — IOI-2026) g‘oliblarini mukofotlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
IOI ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazildi. 9−16-avgust kunlari CAEx ko‘rgazmalar majmuasi maydoni musobaqaga mezbonlik qildi. Mazkur nufuzli musobaqa 90 dan ortiq mamlakatdan kelgan yosh dasturchilarni birlashtirdi.
Ishtirokchilar masalalar tahlili, algoritmlar va ma’lumotlar tuzilmalarini ishlab chiqish, dasturlash va testdan o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda bellashdilar. Har bir ishtirokchi besh soatdan iborat ikkita turda qatnashib, har birida uchtadan algoritmik masalani hal qilishi kerak edi. Maksimal natija 600 ballni tashkil etdi.
Yakunlarga ko‘ra, 32 kishi oltin, 62 kishi kumush va 94 kishi bronza medalini qo‘lga kiritdi. Musobaqada jami 368 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etdi.
O‘zbekiston terma jamoasi uchun bellashuvlar tarixiy natija bilan yakunlandi. Jaxonali Xaydaraliyev 303,48 ball to‘plab, kumush medalga sazovor bo‘ldi. U Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabning 9-sinf o‘quvchisi hisoblanadi.
Bronza medallarini qo‘lga kiritganlar orasida Sardorbek Salimov (189 ball) “Faxriy yorliq” (Honorable Mention) mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, Timur Qodirbergenov bronza medalini qo‘lga kiritdi. U 2025-yilda ham O‘zbekiston sharafini himoya qilgan va 222 ball to‘plab, “Faxriy yorliq”ga sazovor bo‘lgan edi.
O‘zbekistonlik boshqa ishtirokchilar sovrinli o‘rinlarni egallay olmadi: Ulug‘bek Kamalov 209,56 ball, Humayun Abduraupov 139,34 ball, Ravshan Rahmiddinov esa 35,38 ball to‘pladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi ta’kidlashicha, “O‘zbekiston yoshlari dunyoning eng kuchli yosh dasturchilari qatorida munosib natija qayd etgani kelgusida xalqaro maydonlarda yanada yuksak marralarni zabt etish uchun mustahkam zamin hamda minglab yoshlarimiz uchun katta motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi”.
Xitoy vakili Siven Syuy (Qiwen Xu) IOI 2026 ning mutlaq g‘olibi bo‘ldi. U 498,27 ball to‘plab, gran-prini qo‘lga kiritdi.
Telegram asoschisi Pavel Durov 10-avgust kuni o‘zining onlayn platformasining ko‘plab xodimlari IOI medalchilari bo‘lishganini yozdi. U Telegram g‘oliblarni qiymati kamida 117 ming dollar bo‘lgan eksklyuziv raqamli kolleksion Algorithm Cups bilan mukofotlashini va’da qildi.
“IOI’ning Al-Xorazmiy — algebraning otasi, nomi „algoritm“ so‘ziga asos bo‘lgan inson vatani — O‘zbekistonda o‘tayotgani ramziy ma’noga ega”, — dedi Pavel Durov.
“Bu Telegram tomonidan bu yil chiqarilgan yagona raqamli kolleksiya buyumlaridir, shuning uchun vaqt o‘tishi bilan ular oltin medal uchun kafolatlangan 1000 dollardan sezilarli darajada qimmatroq turishi mumkin. Biz davrimizning eng iqtidorli yosh dasturchilarini qo‘llab-quvvatlayotganimizdan faxrlanamiz”, — deya ta’kidladi Durov.
Navbatdagi Xalqaro informatika olimpiadasi 2027-yilda Germaniyada bo‘lib o‘tadi. Tadbir davomida IOI bayrog‘i ushbu mamlakat delegatsiyasi vakiliga tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekistonning IOI’ni o‘tkazish bo‘yicha talabnomasi 2023-yilda 28-avgustdan 4-sentabrgacha Seged (Vengriya) shahrida bo‘lib o‘tgan 35-olimpiada davomida ma’qullangan edi.
Source: www.gazeta.uz