Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Transport vazirligi O‘zbekistonda jamoat transportida chiptasiz yurish uchun jarimalarni oshirish bo‘yicha takliflarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritdi. Ushbu tashabbus yo‘lovchilar tomonidan yo‘l haqini to‘lash intizomini kuchaytirishga qaratilgan.

Taklifga ko‘ra, birinchi marta chiptasiz yo‘l yurganlik uchun jarima 0,5 BHM miqdorida, ya’ni 1 sentyabrdan boshlab 220 ming so‘mni tashkil etadi. Agar yo‘lovchi qayta qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ysa, jarima 1 BHMga, ya’ni 440 ming so‘mga oshiriladi.

Hozirgi vaqtda shahar va shahar atrofi avtobuslarida, shuningdek trolleybus va tramvaylarda chiptasiz yurish uchun jarima BHMning 10 foizi, ya’ni 41 200 so‘mni tashkil etadi. Yangi tizim jarimalarni sezilarli darajada oshirishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning olti oyi davomida poytaxt jamoat transportida 82 mingdan ortiq chiptasiz yo‘lovchi aniqlangan. Ulardan 2 milliard so‘mdan ortiq jarima undirilgan.

1 sentyabrdan boshlab to‘lov tartibi ham o‘zgaradi: yo‘lovchi avtobusga kirishda darhol yo‘l haqini to‘lashi shart bo‘ladi. Aks holda, nazoratchi qoidabuzarlikni qayd etadi va O‘zbekiston MJtKning 144-moddasi 5-qismiga muvofiq javobgarlikka tortadi.

Source: uznews.uz