Shavkat Mirziyoyev Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temir yo‘l bekatini bog‘laydigan yangi temiryo‘l liniyasi qurilishi bilan tanishdi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, loyiha qiymati 225 milliard so‘mni tashkil etib, 11 kilometrlik yangi temir yo‘l liniyasi, bir bekat, ko‘prik, avtomobil yo‘llari bilan kesishmalar va 25 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.
Yangi yo‘nalish orqali yiliga qariyb 650 ming nafar mahalliy va xorijlik sayyohni tashish imkoniyati yaratildi. Xiva va Urganch o‘rtasidagi qatnov vaqti ikki barobar qisqarib, 80 daqiqadan 40 daqiqaga tushdi. Shuningdek, 30 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Urganch xalqaro aeroporti – Xiva yo‘nalishida Xitoyda ishlab chiqarilgan CR200J elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Olti vagondan iborat elektropoyezd bir vaqtning o‘zida qariyb 400 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega bo‘lib, soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Vagonlarda VIP, biznes va ekonom-klass o‘rinlari, bepul Wi-Fi, elektron qurilmalarni quvvatlash imkoniyati, zamonaviy konditsioner va isitish tizimlari mavjud. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.
Davlat rahbari yangi elektropoyezdda Xiva shahriga keldi va u yerda Urganch xalqaro aeroporti hamda Xiva temiryo‘l vokzalini bog‘laydigan yo‘nalishda qatnovga qo‘yiladigan yangi trolleybuslarni ham ko‘zdan kechirdi. 2026-yil iyul oyida Xitoydan olib kelingan 10 ta trolleybus zamonaviy avtonom harakatlanish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, elektr tarmog‘iga ulanmagan holda ham 100 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin.
Har bir trolleybus 87 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Ularda nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va bolali yo‘lovchilar uchun qulayliklar, USB va Type-C portlari, ichki va tashqi kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, haydovchi holatini kuzatish, harakat yo‘lagidan chiqib ketishdan ogohlantirish va avtomatik yong‘in o‘chirish kabi xavfsizlik tizimlari mavjud.
Prezident transport turlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish aholi va sayyohlar uchun qulaylik yaratish, yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartirish hamda hududning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Mutasaddilarga yo‘lovchilar uchun xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Urganch va Xiva o‘rtasidagi trolleybus qatnovi 1997-yilda yo‘lga qo‘yilgan. Xorazm viloyati O‘zbekistonda trolleybus tizimi saqlanib qolgan yagona hududdir. Dastlab trolleybuslar Urganch aeroportidan qatnagan, ammo keyinroq yo‘nalish shahar markaziy dehqon bozorigacha qisqartirilgan. Yo‘nalishda 2013-yilda xarid qilingan Škoda rusumli trolleybuslardan foydalaniladi. Jami to‘qqizta trolleybus mavjud bo‘lib, ulardan sakkiztasi doimiy ishlaydi.
Source: www.gazeta.uz