2025-yilda Eron hududi orqali O‘zbekiston uchun 3,9 milliard dollarlik import tovarlari tranzit tarzida o‘tdi. Bu mamlakat jami importining qariyb 9 foizini tashkil etadi. Mazkur baholash Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan O‘zbekistonning 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyasida keltirilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekistonning Yaqin Sharq mamlakatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tovar aylanmasi nisbatan kichikligicha qolmoqda. 2025-yilda Eron, Isroil, Qatar, BAA, Bahrayn, Quvayt va Saudiya Arabistoni bilan savdo 2,1 milliard dollarni yoki mamlakat umumiy tashqi savdo aylanmasining 2,6 foizini tashkil etdi.
Shu bilan birga, logistika nuqtai nazaridan mintaqaning O‘zbekiston uchun ahamiyati ancha yuqori. Eron portlari respublikani boshqa davlatlar bilan bog‘lovchi transport tugunlaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. 2025-yilda Eron orqali 3,9 milliard dollarlik import yuklari o‘tdi. Bu O‘zbekiston jami importining 9 foizini tashkil etadi.
Ushbu hajmning to‘rtdan bir qismi yoki qariyb 1 milliard dollari texnologik uskunalarga to‘g‘ri keldi. Bu O‘zbekistonga import qilingan jami texnologik uskunalarning 14,8 foizini tashkil etadi.
Eron orqali amalga oshirilgan importning eng yirik kategoriyalari, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari 725 million dollar, kimyo mahsulotlari 339,4 million dollar, metallar va ulardan yasalgan buyumlar 319,1 million dollar, transport vositalari va ehtiyot qismlar 278,7 million dollar, farmatsevtika mahsulotlari 259,7 million dollar hamda elektrotexnika mahsulotlari 229,7 million dollarni tashkil etdi. Boshqa tovarlar ulushiga 712,5 million dollar to‘g‘ri keldi.
Eron hududi orqali, shuningdek, 1,4 milliard dollarlik O‘zbekiston tovarlari eksport qilindi. Bu oltinni hisobga olmagandagi eksportning qariyb 10 foizidir. Asosiy kategoriyalar to‘qimachilik, metallar va ulardan yasalgan buyumlar hamda kimyo mahsulotlari bo‘ldi.
Xususan, Eron orqali to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 546,5 million dollarni, metallar va metall buyumlar 422,3 million dollarni, kimyo mahsulotlari 143,6 million dollarni, yoqilg‘i va neft mahsulotlari 100,2 million dollarni tashkil etdi. Tamaki va elektrotexnika mahsulotlari, shuningdek, boshqa tovarlar hissasiga yana qariyb 181 million dollar to‘g‘ri keldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining qayd etishicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo hajmi nisbatan kichikligi sababli, Yaqin Sharqdagi keskinlikning ta’siri birinchi navbatda Eron orqali o‘tuvchi tranzit koridorlarining izdan chiqishi, tashuvlarning qimmatlashishi va yetkazib berish muddatlarining uzayishi orqali namoyon bo‘lishi mumkin.
Strategiyada ushbu omillarning tashqi savdo va logistika kanali bo‘yicha ta’siri 1−1,5 milliard dollarga yoki O‘zbekiston YAIMning taxminan 0,7−1 foiziga baholanmoqda.
Logistik xavf-xatarlardan tashqari, hukumat jahon bozorida neft, oziq-ovqat va mineral o‘g‘itlar narxining oshishi mumkinligini, shuningdek, global iqtisodiyotning sekinlashishini ko‘rsatib o‘tmoqda. Ushbu omillar inflyatsiya bosimini kuchaytirishi va mamlakatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini yomonlashtirishi mumkin.
14-avgust kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Eron elchisi Muhammad Ali Iskandariy bilan uchrashdi.
Yanvar−iyun oylarida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi tovar aylanmasi 37,5 foizga o‘sib, 305 million dollarga yetdi.
Tomonlar, shuningdek, 29 ta qo‘shma loyihani hamda 26−27-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-Eron biznes-forumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildilar.
Fitch reyting agentligi 2026-yil uchun bergan prognozida Erondagi urush bilan bog‘liq noaniqlikni va uning bilvosita kanallar orqali O‘zbekistonga ta’sirini qayd etgan edi. O‘zbekistonning Eronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo qaramligi minimal darajada, biroq agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat importining qariyb 8 foizi va eksportining 4 foizi Eron portlari orqali o‘tadi. Shu bilan birga, Fitch ta’kidlaganidek, muqobil yo‘nalishlar o‘rganilmoqda. Gazeta avvalroq Yaqin Sharqdagi urush O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.
Source: www.gazeta.uz