Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentning Chilonzor tumanida 2 avgust kuni tushdan keyin yuz bergan voqea ayolning jasorati tufayli sudgacha yetib bordi. Erkak avtomobilda ayolga signal berib, tanishishni taklif qilgan, rad javobini olgach esa uning ortidan yurib, nojo‘ya so‘zlarni aytgan.

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, haydovchi “Men sizni shunday erkalaymanki, siz tasavvur ham qila olmaysiz” degan iborani ishlatgan. Ayol telefoniga voqeani yozib ola boshlagach, erkak mashinani burib ketib qolgan.

Ayol hududiy inspektoriga murojaat qilgan va haydovchining shaxsi tezda aniqlangan. Ish materiallariga ariza, tushuntirishlar va video yozuvlar ilova qilingan. 5 avgust kuni Chilonzor tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi erkakni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 411-moddasi 1-qismi (jinsiy xarakterdagi harakatlar) bo‘yicha aybdor deb topib, uch sutkaga qamadi.

Sud majlisida ayblanuvchi avvaliga jarayonni tushunmayotganini aytgan, keyin “noto‘g‘ri vaqtda noto‘g‘ri joyda bo‘lganini” da’vo qilgan, ammo keyinchalik qisman aybini tan olib, tavba qilishini hisobga olishni so‘ragan. Sud uning harakatlarini to‘liq anglaganini aniqlagan.

Ayolning aytishicha, bu uning ko‘chada tazyiqqa uchragani birinchi marta emas. Ilgari u murojaat.gov.uz platformasi orqali ham murojaat qilgan, biroq dalil yo‘qligi sababli ish ochilmagan. Bu esa unda “tizim oldida ojizlik hissini” uyg‘otgan.

Bu safar ish sudga yetkazilgan bo‘lsa-da, jarayon qiyinchiliklarsiz o‘tmagan. Ayolning qarindoshlari va do‘stlari ROVD binosiga kiritilmagan, faqat uning yigiti yordamchi tarjimon sifatida rasmiylashtirilib, majlisga kirishga ruxsat olgan.

Ayol bu voqeani ommaga ochiq aytishga qaror qilgan, chunki bunday xatti-harakatlar uchun jazo borligini va jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishdan qo‘rqmasligi kerakligini ko‘rsatmoqchi.

Source: podrobno.uz