Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sirdaryo viloyatida 32 yoshli ayol ikki voyaga yetmagan o‘g‘lini o‘ldirgani uchun 13 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, ayol eri bilan janjaldan so‘ng bolalarni bo‘g‘ib o‘ldirgan, so‘ngra o‘z joniga qasd qilishga urungan.

Fojia 2023-yil 1-fevralga o‘tar kechasi Guliston tumanidagi ijarada olingan kvartirada sodir bo‘lgan. Uyga qaytgan erkak o‘zining 6 va 4 yoshli o‘g‘illarini o‘lik holda topgan. Xonada gaz plitalari ochiq qolgan edi.

Sud-tibbiy ekspertiza bolalarning mexanik asfiksiyadan vafot etganini aniqlagan. Tergov ayolning eri bilan janjaldan so‘ng undan o‘ch olishga qaror qilganini, navbatma-navbat ikkala o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirganini, keyin jasadlarni yonma-yon yotqizib, gazni ochib, eriga o‘lim xati qoldirganini aniqlagan.

Ayol o‘z joniga qasd qilishga urungan, biroq uni qutqarib qolishgan. Shirin shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi ayolni ikki nafar voyaga yetmagan bolani qasddan o‘ldirishda aybdor deb topib, Jinoyat kodeksining 57-moddasiga asosan 13 yilu 4 oy muddatga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qilgan.

Avvalroq Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida besh oylik chaqaloqning o‘limi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilingan edi. Go‘dakning otasi o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirishda aybdor deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Source: podrobno.uz