18 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqoti bo‘lib o‘tadi. Ushbu yirik tadbir Xorazm viloyatida, davlat rahbarining hududga ish safari doirasida tashkil etilmoqda.
Tadbirda taxminan 500 nafar tadbirkor ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, birinchi marta viloyatlardagi studiyalar orqali yana 25 mingga yaqin biznes vakillari jonli muloqotga ulanishadi. Bu esa tadbir ko‘lamini sezilarli darajada kengaytiradi.
Muloqotda davlat rahbari tomonidan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda. Jumladan, tadbirkorlikning barqaror o‘sish traektoriyasini ta’minlash, hududlarda biznes imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, “sun’iy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish, eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga ilgari surish kabi yo‘nalishlar muhokama qilinadi. Tadbirkorlarga ma’muriy bosimni keskin kamaytirish ham kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘ladi.
Ushbu ochiq muloqot tadbirkorlar va davlat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni mustahkamlash, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha amaliy choralarni ishlab chiqishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz