Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xorazm viloyatida yangi loyihalarni ishga tushirish va istiqbolli ob'ektlar qurilishini boshlash marosimi Xiva shahridagi “Farovon Xiva” mehmonxonasida bo'lib o'tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida: “Bugun sizlar bilan birga 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Bundan tashqari, xorijiy hamkorlar ishtirokida quriladigan 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi ob'ekt qurilishiga start beramiz”, dedi.

Xususan, To'proqqal'a tumanida BAA hamkorlari bilan umumiy qiymati 6 milliard dollarlik ekologik toza aviatsiya yoqilg'isi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyihaga Xitoyning Sinopec kompaniyasi jalb qilingan bo'lib, yer uchastkasini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlandi.

Slovakiyalik hamkorlar bilan 5 ming gektar qumli yerlarni o'zlashtirish va 170 million dollarlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan. Amaliy ishlar 1,5 ming gektar maydonda boshlangan.

Urganch shahrida yaponiyalik hamkorlar bilan 250 o'rinli mehmonxona va savdo-ko'ngilochar majmua qurilmoqda. Loyiha qiymati 30 million dollarni tashkil etadi. To'liq ishga tushirish 2027 yilga mo'ljallangan.

Saudiya Arabistoni hamkori bilan viloyat markazida 183 ta ko'p qavatli uy va 37 ta ijtimoiy ob'ektni issiqlik va elektr energiyasi bilan ta'minlaydigan zamonaviy qozonxona quriladi. Turkiyalik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida oftalmologik klinika tashkil etiladi.

Urganch tumanida koreys investorlari ishtirokida respublikada birinchi marta yopiq sikl bo'yicha chiqindilarni qayta ishlash va 71 megavatt quvvatga ega “yashil” energiya ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyihaga 100 million dollar sarmoya kiritiladi.

Bundan tashqari, Xivaga tutash 26 gektar maydonda 120 million dollarlik zamonaviy “Sahro yulduzi” turistik majmuasi barpo etiladi. Urganch tumanida 26 million dollarlik mis sanoati klasteri va 60 million dollarlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi quriladi.

Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga mo'ljallangan zamonaviy universitet, shuningdek, mehmonxona, rekreatsion va savdo majmualari quriladi. Urganchda “Investorlar uyi” binosi barpo etiladi.

Ta'kidlanishicha, ushbu loyihalarning amalga oshirilishi 6,6 ming yangi ish o'rinlarini yaratishni nazarda tutadi. Davlat rahbari xorijiy hamkorlar va loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan jamoatchilik vakillariga minnatdorchilik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirdi va qurilish ishlariga start berdi.

Source: uznews.uz