18-avgust kuni Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgan Shavkat Mirziyoyev hududlarda biznes imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha bir qator yangi chora-tadbirlarni taqdim etdi. Davlat rahbari bo‘sh turgan yer maydonlari va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlari faqat loyihalar ishga tushirilib, ish o‘rinlari yaratilganda va eksport hajmi oshirilgandagina haqiqiy iqtisodiy qiymat yaratishini ta’kidladi.
Prezidentning qaroriga ko‘ra, davlat aktivlarini sotib olishda boshlang‘ich to‘lov miqdori 30 foizdan 15 foizgacha kamaytiriladi. Aktiv qiymatini olti oy ichida to‘liq to‘lagan tadbirkorlarga 25 foizlik chegirma beriladi. Agar xaridor davlat aktivi qiymatining yarmini to‘lasa, qolgan summani yetti yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, davlat mulki uch oy davomida sotilmasa, uning boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytiriladi. Auksion o‘tkazish muddati ham ikki baravarga qisqartiriladi. Prezident auksion orqali xarid qilingan yer maydonlarida qurilishni boshlashni soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Hozirda tadbirkorlar yerni sotib olgach, qurilishni boshlash uchun zarur hujjatlarni yig‘ishga 6 oydan 1 yilgacha vaqt sarflashlari mumkin. Endilikda hokimlar yer maydonlarini savdoga qurilishga ruxsatnoma, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bo‘lgan “tayyor paket” shaklida chiqarishlari shart bo‘ladi. Bu tadbirkorga yer maydonini xarid qilgandan so‘ng darhol qurilishni boshlash imkonini beradi. To‘planadigan infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans to‘lovi esa 20 foizdan 5 foizgacha kamaytiriladi.
Alohida chora bank balansida turgan mulklarga taalluqlidir. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, banklarga umumiy qiymati 9 trillion so‘mlik 2500 ga yaqin obyektni arzonlashtirilgan narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi. Bunday mulkni sotib olgan tadbirkorlar bir yil muddatga yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ma’lum qildi. Birinchi navbatda ishlab chiqarishni o‘zlashtirish rejalashtirilgan 50 turdagi mahsulotlar ro‘yxati shakllantirildi. Buning uchun “Navoiy”, “Jizzax”, “Namangan”, “Urgut” va “Hazorasp” maxsus iqtisodiy zonalari hududining bir qismida “Bond” sanoat hududlari tashkil etiladi.
Ushbu hududlardagi korxonalar xom ashyo va butlovchi qismlarni olib kirishda barcha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Agar mahsulotni mahalliylashtirish darajasi 30−40 foizdan oshsa, imtiyozli shartlar uni ichki bozorda sotishda ham qo‘llaniladi. Bond sanoat hududlarida zamonaviy R&D markazlari, laboratoriyalar, muhandislik va texnologik xizmatlardan iborat yagona zanjir yaratish rejalashtirilmoqda. Tadbirkorlarga zarur infratuzilmaga ega tayyor ishlab chiqarish binolarini taqdim etish uchun 50 million dollar ajratiladi.
Source: www.gazeta.uz