2026-yil 1-sentabrdan boshlab Toshkent shahrida brutto shartnoma asosida harakatlanadigan avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilar uchun jarima miqdori sezilarli darajada oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar yo‘lovchilar tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi direktori Muhammadjon Qahhorov “O‘zbekiston 24” telekanaliga ma’lum qildi.
Qonunchilik palatasiga kiritilgan takliflarga ko‘ra, birinchi marta qoidabuzarlik qilgan yo‘lovchilar uchun jarima BHMning yarim baravari, ya’ni 220 ming so‘m, takroriy huquqbuzarlik uchun esa BHMning bir baravari, ya’ni 440 ming so‘mgacha yetkazilishi mumkin. Bu avvalgi jarima miqdoridan (41,2 ming so‘m) o‘n baravargacha ko‘pdir.
Yo‘lovchilar avtobusga kirishda yo‘lkira haqini transport yoki ijtimoiy kartani validatorga tekkizish, shuningdek, bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz to‘lov vositalari orqali to‘lashlari shart. Agar yo‘lovchi to‘lovni amalga oshirmasa yoki imtiyozga ega ekanini tasdiqlamasa, u chiptasiz harakatlangan deb hisoblanadi.
Nazoratchilar chiptasiz yo‘lovchilarni aniqlash uchun maxsus planshetlardan foydalanmoqda. Ular orqali transport yoki bank kartasida to‘lov amalga oshirilgani tekshiriladi. 2026-yilning yetti oyi davomida 82 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamagani aniqlangan va ulardan 2 milliard so‘mdan ziyod jarima undirilgan.
Ma’lumot uchun, chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismi asosida chora ko‘riladi. Hozirda har bir qoidabuzarga BHMning o‘ndan bir qismi — 41,2 ming so‘m (1-sentabrdan 44 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llanilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, chiptasiz yurganlarni jarimaga tortish 2025-yil 14-martdan boshlangan edi. O‘sha yil oxiriga kelib chiptasiz yurgan yo‘lovchilar soni 22 500 nafarni tashkil qilgan. “Toshshahartransxizmat” yaqin orada chiptasiz yo‘lovchilarni sun’iy intellekt orqali nazorat qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganini ham ma’lum qilgandi.
Source: www.gazeta.uz