Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida Rossiyadan pochta orqali kelgan ikkita qurilish asbobida 580 grammdan ortiq sintetik narkotik modda — "Alfa-PVP" aniqlangan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Birinchi holat Chilonzor tumanida qayd etilgan. U yerda 34 yoshli Yunusobod tumani fuqarosi qo'lga olingan. Unga tegishli perforatorni tekshirish vaqtida 478 gramm "Alfa-PVP" topilgan.

Ikkinchi holat Mirzo Ulug'bek tumanida sodir bo'lgan. 17 yoshli o'smirning zanjirli arrasida yana 107 gramm ushbu modda aniqlangan.

Dastlabki tergov ma'lumotlariga ko'ra, har ikki holatda ham narkotik moddalar Rossiyadan O'zbekistonga pochta jo'natmalari orqali yuborilgan.

Ikkala fakt bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida 24 yoshli Urta Chirchiq tumani fuqarosi qo'lga olingani, u Bangkokdan oziq-ovqat mahsulotlari orasida yashirib, taqiqlangan psixotrop moddalarni olib kirishga urinayotgani xabar qilingan edi.

Source: podrobno.uz