Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda 2025−2026 o‘quv yili boshida 152 mingdan ortiq talaba ijaraga olingan xonadonlarda yashagan. Bu haqda deputat Shuxrat Yakubov 18-avgust kuni Qonunchilik palatasining fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni soddalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasi bo‘yicha majlisida ma’lum qildi.

U Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga tayanib, 2025−2026 o‘quv yili boshida mamlakatdagi 202 ta oliy ta’lim muassasasida kunduzgi ta’lim shaklida jami 741 483 nafar talaba tahsil olganini aytdi. Ularning 441 mingga yaqini yoki 59 foizi o‘z uyida yoki yaqin qarindoshlarinikida yashab, u yerdan o‘qishga qatnagan.

Yana 102 ming nafar talaba OTM talabalar turar joylarida, 44 mingdan ortig‘i esa davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joylarida istiqomat qilgan. 152 mingdan ortig‘i (umumiy sonning qariyb 20,5 foizi) esa uy-joyni ijaraga olgan.

“Bugungi kunda 152 mingdan ortiq talabamiz ijaradagi xonadonlarda yashamoqda. Aynan ularning manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan qonun loyihasiga ijaraga olingan uy-joylar bo‘yicha norma kiritildi”, — dedi Shuxrat Yakubov.

Qonun loyihasi vaqtinchalik ro‘yxatga olishda turar joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanmaydigan o‘quvchilar doirasini kengaytirishni nazarda tutadi. Agar birinchi o‘qishda tegishli imtiyoz asosan oliy ta’lim muassasalari talabalari va talabalar turar joylariga taalluqli bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi o‘qishga kelib u o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilariga ham tatbiq etildi.

Bundan tashqari, talabalarning salmoqli qismi amalda aynan ijaradagi xonadonlarda yashayotgani sababli, hujjatga ijaraga olingan uy-joylar ham kiritildi.

Muhokama davomida bunday yengillik bir xonadonda haddan tashqari ko‘p talabaning ro‘yxatga olinishiga olib kelmaydimi, degan savol ortidan e’tiroz bildirildi.

IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Ulug‘bek Mirzakambarovning ma’lum qilishicha, bu masala amaliyotchilar hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan muhokama qilingan. IIV imtiyozning ijaradagi uy-joylarga tatbiq etilishi amaliyotda muammo tug‘dirmasligi va ko‘p sonli talabalarning ro‘yxatga olish masalasini hal qilish imkonini beradi, degan xulosaga kelgan.

“Talabalarning 70 foizga yaqini yotoqxona bilan ta’minlanmagan, shu sababli ijaradagi xonadonlarda yashashga majbur. Odatda, talabalar uyni to‘rt-besh kishilik guruh bo‘lib ijaraga olishadi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ijaradagi xonadonlarning yangi normaga kiritilishi ko‘p sonli talabalarning vaqtinchalik ro‘yxatga olishdagi muammolarini hal etishi va ro‘yxatdan o‘tish talablariga rioya qilmaganlik uchun ularni ma’muriy javobgarlikka tortish xavfini kamaytirishi kerak.

Qonun loyihasi bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, avvalroq, 11-avgust kuni birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullangan edi. Ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida uning asosiy qoidalari saqlab qolindi, biroq deputatlarning takliflari inobatga olingan holda bir qator normalar kengaytirildi.

Asosiy o‘zgarishlardan biri vaqtinchalik ro‘yxatga olishda turar joy maydonining ijtimoiy normasini qo‘llashga tegishli.

Muqobil tahrirda ushbu talabdan mustasno bo‘lish faqat oliy ta’lim muassasalari talabalari va talabalar turar joylaridagi o‘rinlar uchun nazarda tutilgan edi. Ikkinchi o‘qishga kelib imtiyoz egalari doirasi kengaytirildi: endilikda u o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilariga ham tatbiq etilishi kerak.

Ma’ruzachining so‘zlariga ko‘ra, ushbu tuzatish qo‘shimcha ravishda 100 mingdan ortiq yoshlarning manfaatlarini inobatga olish imkonini beradi. Xususan, mamlakatdagi 92 ta akademik litseyda 37 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda.

Deputatlar qonunni ikkinchi o‘qishda ma’qulladi.

Source: www.gazeta.uz