Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston maktablari oktabr oyi oxiriga qadar 1350 ta kompyuter sinfi to‘plami va elektron doskalar bilan ta’minlanishi kerak. Bu haqda 25-avgust kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yig‘ilishda ma’lum qildi.

Masala 2026-yil birinchi yarmida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasidagi davlat dasturining bajarilishi muhokama qilinganda ko‘tarildi. Deputat Zuhriddin Mavlonovning ta’kidlashicha, yil oxiriga qadar mamlakat maktablarida 1000 ta yangi kompyuter sinfi tashkil etilishi va 6300 ta elektron doska xarid qilinishi rejalashtirilgan.

Uning aytishicha, bu maqsadlar uchun budjetdan jami 350 mlrd so‘m ajratilgan. Shundan 100 mlrd so‘m elektron doskalar, 250 mlrd so‘m esa kompyuter sinflarini tashkil etish uchun mo‘ljallangan.

“Hisobotda qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida birorta ham yangi kompyuter sinfi tashkil etilmagan, birorta ham yangi elektron doska xarid qilinmagan. Faqat tender e’lon qilingani haqida ma’lumot bor”, — dedi deputat.

U yangi o‘quv yili boshlanishiga taxminan bir hafta qolganini eslatdi. “Nega hanuzgacha maktablarimizda elektron doskalar o‘rnatilmagan va kompyuter sinflari tashkil etilmagan? Buning uchun mablag‘ ajratilgan, mas’ullar belgilangan, muddatlar ham bor. Ammo hozirgacha hech qanday ish bajarilmagan”, — dedi Mavlonov.

Deputat, shuningdek, vazirlik yil oxiriga qadar 1000 ta kompyuter sinfini tashkil etish va 6000 dan ortiq elektron doska yetkazib berish vazifasini bajarishga ulguradimi, deya so‘radi.

Deputatning savoliga javob bergan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova ma’lum qilishicha, 2026-yilda maktablarda 1000 ta kompyuter sinfini jihozlash uchun davlat budjetidan 250 mlrd so‘m ajratilgan. “Dastlabki ekspertiza xulosalari asosida ushbu mablag‘ga 1000 ta emas, balki 1350 ta kompyuter sinfi uchun jihozlar xarid qilinishi belgilandi”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki ekspert xulosalari olingan, tenderlar e’lon qilingan. Shundan so‘ng davlat xaridlari amalga oshiriladi. Maktablarni elektron doskalar bilan ta’minlash uchun yana 100 mlrd so‘m ajratilgan. Ularni xarid qilish bo‘yicha tender 12-iyul kuni e’lon qilingan. Biroq g‘olibni aniqlashning iloji bo‘lmagani sababli, 10-avgust kuni vazirlik takroriy tender e’lon qilgan.

“G‘oliblarni aniqlash jarayoni 26-avgustga belgilangan. G‘oliblar aniqlangandan so‘ng barcha xaridlar amalga oshiriladi. Oktabr oyi oxiriga qadar rejalashtirilgan kompyuter sinfi jihozlari va elektron doskalarning barchasi maktablarimizga to‘liq yetkazib beriladi. Davlat dasturida belgilangan ko‘rsatkichga erishamiz, ya’ni vazifani to‘liq bajaramiz”, — dedi Karimova.

2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, maktablarning 69 foizida Wi-Fi zonalari umuman mavjud emas. 5000 ta kompyuter sinfi ma’nan eskirgan, 2000 ta maktabda esa bunday sinflar yo‘q. Shu munosabat bilan prezident 2030-yilga qadar 16 mingta kompyuter sinfini yangilash, maktablarni bepul Wi-Fi zonalari bilan ta’minlash va internet tezligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rishni topshirgan.

Source: www.gazeta.uz