Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Mustaqillik bayrami arafasida davlat mukofotlarini topshirish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda ro‘y bergan o‘zgarishlar haqida hokimlar ham kitob yozishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hudud rahbarlari bu davrdagi o‘zgarishlarni bevosita ko‘rgan va ularga o‘z hissasini qo‘shgan.
Hokim yaqinda tadbirkorlar bilan uchrashuvda prezident mamlakatning avvalgi va hozirgi holati haqida kitob yozish kerakligini aytganini eslatdi. “Tadbirkorlarimiz bilan uchrashuvda aytdingiz, endi kitob yozish kerak, oldingi tarix bilan hozirgini, dedingiz. Aslini olganda, biz hokimlar ham kitob yozsak, o‘sha qismiga biz ham hissa qo‘shsak bo‘ladi, deb o‘ylayman”, — dedi Xayrullo Bozorov.
Uning ta’kidlashicha, buning uchun so‘nggi o‘n yildagi hayot bilan undan oldingi davrni solishtirishning o‘zi kifoya. Bozorov tuman hokimi bo‘lib ishlagan davrida qishloq xo‘jaligida elektr ta’minoti va suv bilan bog‘liq muammolarga duch kelganini esladi. “Rayon hokimi bo‘lib, bir vaqtlar qachon svet kelib, nasos yonarkin, nasos yonsa, qachon g‘allani sug‘orarkinmiz, deb kutib o‘tirardik. Aprel bo‘lardiki, 25-aprel kuni birinchi g‘allamiz suv ichgan”, — dedi u.
Hokimning aytishicha, g‘alla rejasini bajarish uchun tashkilotlarga topshiriqlarni bo‘lib berish va hatto “paqirlab g‘alla yig‘ish”ga to‘g‘ri kelgan davrlar ham bo‘lgan. “Keyin har yili plan bor, uni qanday qilib bajaramiz deb, kerak bo‘lsa tashkilotlarga bo‘lib berib, g‘allani paqirlab, g‘alla yig‘gan paytlarimiz ham bo‘lgan”, — dedi Bozorov.
U, shuningdek, Farg‘ona viloyatida maktabgacha ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar haqida ham gapirdi. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, hozir viloyatda bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovi 87 foizga yetgan. Bozorov avval ayrim bog‘chalarni saqlab qolishning o‘zi katta muammo bo‘lganini qayd etdi. “Bog‘cha xodimalari, birinchidan, oylik olmaydi, oyligini plastikdan olish uchun yana naqd pul qilishi kerak. Uning ustiga bog‘chamiz yo‘qolib qolmasin, uni saqlashimiz kerak deb, yo‘q bolalarga o‘zining oyligidan berib, bog‘chani saqlab turardi”, — dedi u.
Uning aytishicha, bunday holatlar bugungi kunda yangi ish boshlagan hokimlarga ishonarsiz bo‘lib ko‘rinishi mumkin. “Bugun endi u gaplarni bir kishiga aytsak, hozir yangi hokimlarimiz ham ishonmaydi”, — dedi viloyat rahbari.
Xayrullo Bozorov prezidentga berilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, Farg‘onani kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishga va’da berdi. “Siz qo‘yib bergan vazifalarni eng yuqori darajada bajarib, Farg‘onani ham kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishga va’da beraman”, — dedi u. Hokim prezident tomonidan berilgan ko‘rsatma va topshiriqlarni “so‘zsiz” bajarishga tayyorligini ham ta’kidladi. “Siz ishongan yurtda halol bo‘lib, sadoqat bilan mehnat qilishga va’da beramiz”, — deya yakunladi Xayrullo Bozorov.
Eslatib o‘tamiz, 18-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvida Jahongir Ortiqxo‘jayevga tadbirkorlar haqida kitob tayyorlash va unga avvalgi “maska shou”lar haqida alohida yozishni topshirgandi. “Albatta yozaman. Bu tarixni yozmasdan iloj yo‘q. Siz qo‘lingizdan kelganicha qanchadan-qancha tadbirkorlarni qutqarib qoldingiz. Ochig‘ini aytaman: qochib ketganlar ham bo‘ldi, „halok bo‘lganlar“ ham bo‘ldi”, — deya javob bergandi tadbirkor.
Avvalroq Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov prezidentga “Namanganda elektr uzildi” degan gap odamlarning esidan chiqib ketganini aytgandi. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov esa viloyat O‘zbekistonning boshqa hududlaridan ishchi kuchini “import qilayotganini” ma’lum qilgandi. Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimlari 2026-yil oxirigacha hududlarda kambag‘allik va ishsizlikni to‘liq tugatish niyatida ekanini ta’kidlagandi.
Source: www.gazeta.uz