Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish manbalarini diversifikatsiya qilish va faqat bir mintaqa yoki mamlakatga bog‘lanib qolmaslikni maqsad qilgan. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov nufuzli “Financial Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Xitoyning investitsiyalar oqimidagi salmog‘i kattaligi haqidagi savolga javob berar ekan, u Xitoyni O‘zbekistonning geografik joylashuvi va tarixiy hamkorligini hisobga olgan holda yirik savdo va investitsiya hamkori sifatida qayd etdi. “Biroq biz investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilyapmiz. Hozir Yevropa davlatlari va AQSh bilan ham munosabatlarimiz juda yaxshi, savdo va investitsiyalar hajmi o‘sib bormoqda. Biz hamkorlik aloqalarimizni doimiy ravishda diversifikatsiya qilib boryapmiz”, — dedi Markaziy bank raisi.

Ishmetov O‘zbekiston alohida hamkor davlatlardan birini tanlashni maqsad qilmaganini ta’kidladi. “Bizning maqsadimiz — investitsiya manbalarini doimiy ravishda diversifikatsiya qilish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish hamda savdo va investitsiya sohalarida ko‘plab davlatlar bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish. Bizda biror mintaqa yoki muayyan mamlakatga e’tiborni jamlash kerak, degan ustuvorlik yo‘q”, — dedi u.

Financial Times’ning O‘zbekiston Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy investitsiya xabiga aylanishi mumkinmi, degan savoliga Markaziy bank raisi masalaga kengroq qarash — butun mintaqani yagona hudud sifatida ko‘rib chiqishni taklif qildi. “Aynan birinchi qadam — qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash — O‘zbekiston va butun mintaqaning iqtisodiy o‘sishiga kuchli turtki berdi. Hozir barcha qo‘shnilarimiz bilan munosabatlarimiz juda yaxshi va menimcha, bu hamma uchun manfaatli holat”, — dedi Ishmetov.

Markaziy bank raisi mintaqa davlatlari alohida investitsiya xabi maqomi uchun raqobatlashgandan ko‘ra, birgalikda yirik bozorni shakllantirishi foydali ekanini ta’kidladi. Bu xalqaro investorlar uchun mintaqani yanada jozibador qilishi mumkin. “Har bir davlatga alohida qarab, qaysi biri yaxshiroq ekanini solishtirishdan ko‘ra, investorlar mintaqani yaxlit holda qabul qilishi barchamiz uchun manfaatli. Hozir mintaqada 80 milliondan ortiq aholi bor, bir necha yildan keyin bu ko‘rsatkich 100 millionga yetadi. Qachondir mintaqa iqtisodiyoti 1 trillion dollarlik hajmga ega bo‘ladi”, — dedi Markaziy bank raisi.

Uning fikricha, buning uchun mintaqa davlatlari iqtisodiy siyosatni yanada yaqinroq muvofiqlashtirishi va “qo‘shni davlatlar o‘rtasida o‘ziga xos ochiq bozor yaratishi” zarur.

Source: www.gazeta.uz