Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov poytaxtning ayrim hududlarida kompleks qurilishni amalga oshirish choralari to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Hujjat Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi ko‘p qavatli uy-joy majmualarini kompleks qurish mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan 2028-yil 1-martgacha ayrim uchastkalarda eksperimental tartibda maxsus huquqiy rejim — «regulyator qum qutisi» amal qiladi.

Hujjatda kompleks qurilish loyihalari, jumladan, Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlari hududlarida amalga oshirilishi belgilangan. Loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul tashkilot etib «Toshkent Invest» kompaniyasi belgilandi.

Kompaniya 10 kun ichida davlat kadastr palatasi shahar boshqarmasi bilan birgalikda kompleks qurilish hududlaridagi barcha ko‘chmas mulk ob’ektlari va ularning egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirishi kerak.

Ushbu hududlar aholisi va renovatsiyaga tushgan mulk egalari uchun mahalla binolarida maxsus shtablar tashkil etiladi. Ularda «Toshkent Invest», tuman hokimliklari, adliya boshqarmasi, kadastr xizmati, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar vakillari ishlaydi.

Kompaniya renovatsiyaga tushgan mulk egalari bilan muzokaralar olib borib, ular bilan kompensatsiya turini kelishishi shart. Kelishuvlar notarial tasdiqlanadi.

Mulk egalariga buziladigan uy o‘rniga yangi uy taklif qilish rejalashtirilgan. Buning uchun kompaniya kompleks qurilish hududlari yaqinida qurilayotgan turar-joy majmualari quruvchilari bilan muzokaralar olib boradi va tegishli takliflarni shakllantiradi.

Tuman hokimliklari mulk egalarini ularning ob’ektlari renovatsiyaga tushgani haqida xabardor qilishi kerak. Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlaridagi egalarga bunday xabarnomalar ikki kun ichida yuborilishi lozim.

Hozircha bog‘lanish imkoni bo‘lmagan mulk egalari uchun shahar ichki ishlar boshqarmasi shtab xodimlariga aloqa o‘rnatishda yordam beradi.

Renovatsiyaga tushgan uylarda doimiy ro‘yxatda turgan fuqarolar yangi uy taqdim etilgach, avtomatik ravishda yangi manzilga ro‘yxatga olinadi.

Qarzdorlik va hujjatlar bilan bog‘liq masalalar ham hal qilinadi. Agar ko‘chmas mulkka qo‘yilgan taqiq bo‘lsa va majburiyatlar to‘liq bajarilgan bo‘lsa, uni zudlik bilan olib tashlash kerak. Agar majburiyatlar bajarilmagan bo‘lsa, notarial kelishuvni rasmiylashtirish uchun vaqtincha cheklovlar olib tashlanishi mumkin. Keyinchalik ular yangi mulkka o‘tkaziladi.

Eski uy-joy bo‘yicha kommunal xizmatlar uchun qarzdorlik yoki ortiqcha to‘lov yangi uy uchun ochilgan shaxsiy hisob raqamlariga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Toshkent adliya boshqarmasi «Toshkent Invest»ga kompleks qurilish hududlari yaqinidagi tumanlarda ishlaydigan notariuslarni biriktirishi kerak.

Investitsion kompaniyalarning asosiy yo‘nalishlaridan biri yashil maydonlar, ekoparklar va xiyobonlar yaratish bo‘ladi. Toshkent hokimi o‘rinbosariga ikki oy ichida shahar ekologiya boshqarmasi va tuman hokimliklari bilan birgalikda yashil hududlarni kengaytirish va har bir tumanda bittadan ekopark yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Shuningdek, shaharsozlik talablariga javob bermaydigan yoki instrumental-texnik tekshiruv natijalariga ko‘ra yaroqsiz deb topilgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan ko‘p qavatli uylarni bartaraf etish choralari ham ko‘zda tutilgan.

Source: uznews.uz