O'zbekiston Qurolli Kuchlariga muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan hamda kontrakt bo'yicha harbiy xizmatga qabul qilinayotgan fuqarolarni giyohvandlik vositalari bo'yicha majburiy tibbiy laboratoriya tekshiruvidan o'tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan qabul qilingan qaror bilan ma'lum qilindi. Hujjat 14-sentabr kuni Adliya vazirligida 3939-raqam bilan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan.
Yangi tartibga ko'ra, muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar bepul, kontrakt bo'yicha harbiy xizmatga qabul qilinayotgan fuqarolar esa sud-tibbiy ekspertiza muassasasi bilan tuzilgan shartnoma asosida tekshiruvdan o'tkaziladi. Tekshiruv ikki bosqichda o'tkaziladi. Birinchi bosqichda fuqaroning peshob namunasi ekspress-test yordamida tekshiriladi. Agar ekspress-test natijasi manfiy bo'lsa, shu kunning o'zida fuqaro organizmida giyohvandlik vositalari aniqlanmagani haqida ma'lumotnoma rasmiylashtiriladi.
Ekspress-test natijasi musbat chiqishi giyohvandlik vositalari iste'mol qilinganini yakuniy tasdiqlamaydi. Bunday holatda ikkinchi bosqichdagi tekshiruv o'tkaziladi. Ikkinchi bosqichda peshob va/yoki qon namunalarida giyohvandlik vositalarining turini aniqlash va ekspress-test natijasini tasdiqlash uchun mass-spektrometrik identifikatsiya tekshiruvi o'tkaziladi. Namunalar olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida tekshiriladi. Agar ikkinchi bosqich natijasi ham musbat bo'lsa, fuqaroning peshob va/yoki qon namunalarida giyohvandlik vositalari aniqlangani haqida ma'lumotnoma tuziladi.
Ekspress-test musbat chiqqan fuqaro keyingi mass-spektrometrik tekshiruv uchun peshob va/yoki qon namunasini topshirishdan bosh tortish huquqiga ega. Biroq bunday holatda tibbiy tekshiruv yakunlanmagani haqida ma'lumotnoma rasmiylashtiriladi. Muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi tekshiruvdan o'tmagan, namunalarni topshirishdan bosh tortgan yoki yakuniy tekshiruvda giyohvandlik vositalari aniqlangan taqdirda, harbiy-tibbiy komissiyaga tibbiy ko'rikdan o'tish uchun yuborilmaydi. Kontrakt bo'yicha harbiy xizmatga qabul qilinayotgan fuqarolar ham xuddi shunday holatlarda harbiy-tibbiy muassasalarda tibbiy ko'rikdan o'tkazilmaydi.
Fuqarolar tibbiy tekshiruv natijalaridan norozi bo'lsa, Sog'liqni saqlash vazirligi, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega. Shuningdek, tekshiruv davomida olingan shaxsiy ma'lumotlar, peshob va qon namunalari hamda tibbiy tekshiruv natijalarining maxfiyligi ta'minlanishi belgilangan. Muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarning ushbu tekshiruvlari 2027-yildan boshlab Davlat budjeti mablag'lari, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Qaror rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Source: www.gazeta.uz