Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi bosh vaziri Xan Son Suk qo‘shma biznes forumning ochilishida ishtirok etdi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, tadbirda ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili, jumladan, yetakchi moliya institutlari, yirik sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari rahbarlari qatnashdi.

Koreya tomonidan Lotte Chemical, Hyundai Motor Group, Samsung C&T, CJ Group, Shinhan Financial Group, Hyundai Rotem, KIND, BOMI, Kia Corporation, Sampyo Group, Hansae Mobility kabi yirik kompaniyalar ishtirok etdi. Davlat rahbari Koreya O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti va alohida strategik sherigi ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ikki mamlakat ko‘p qirrali sherikligining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Yetakchi koreys kompaniyalarining O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritib, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgani qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekiston industrial va texnologik taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgani, bu esa o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgani ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning resurs salohiyati, Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va ikki mamlakat kompaniyalarining investitsiyaviy imkoniyatlarini birlashtirish orqali yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini yaratishni taklif qildi. Kelgusida iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida sanoat kooperatsiyasi va to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va zamonaviy infratuzilma, raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika, biotexnologiya va farmatsevtika sohalari ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. Koreya kompaniyalari misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, robototexnika va avtomatlashtirish, biotexnologiya va farmatsevtika, gidroenergetika, energiyani saqlash tizimlari, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish, transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga taklif etildi.

Sanoat-texnologik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning amaliy mexanizmi sifatida O‘zbekiston — Koreya sanoat-texnologik alyansini tuzish taklif qilindi. Prezident mamlakatda koreys biznesining faoliyati uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Forum yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlari ishtirokida salmoqli investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy bitimlar to‘plamini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Koreya Respublikasining yetakchi kompaniya va moliya institutlari bilan qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahrida Kimyo texnologiyalari markazi faoliyat boshladi, Jizzax viloyatida Kia Sonet Prime avtomobili va avtomobil kuzovi panellari, Farg‘ona viloyatida elektrotexnika mahsulotlari, Namangan viloyatida polimer buyumlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Toshkent shahrida Milliy onkologiya markazi, tibbiyot oliy ta’lim muassasasi, robotlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar qurilishi boshlandi.

Source: www.gazeta.uz