O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimov Shveysariya super ligasining 8-turida «Lugano» safida «Saint Gallen» darvozasiga gol urib, yangi klubidagi ilk golini kiritdi.
Uchrashuvning 36-daqiqasida Karimov jamoadoshi uzoqdan uzatgan to‘pni raqib darvozaboni xatosi natijasida qo‘lga kiritib, ikki himoyachi orasidan to‘pni darvozaga yo‘lladi va hisobni 4:0 ga yetkazdi.
«Lugano» birinchi bo‘limda to‘rtta gol urib, o‘yinni 4:1 hisobida yakunladi. Karimov ikkinchi bo‘limda zaxiraga olindi.
Shveysariya super ligasida «Lugano» 7 g‘alaba va 1 durang bilan 22 ochko to‘plab, turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Behruz Karimov avgust oyida «Surxon»dan «Lugano»ga o‘tib, 2031-yilgacha shartnoma imzolagan edi. Championat Asia ma’lumotlariga ko‘ra, transfer qiymati 250 ming yevroni tashkil etgan va «Surxon» keyingi sotuvdan 10% ulush oladi.
Futbolchining agenti Gayrat Xasbiullin Gazeta’ga bergan intervyusida Karimovning «Lugano»ni tanlash sabablari va kelgusi karerasi haqida so‘zlab bergan edi.
Source: www.gazeta.uz