Farg‘ona viloyatida shov-shuvli jinoyat yuzasidan sud hukmi chiqarildi. Bankning kredit bo‘limi mutaxassisi A.T. o‘z mijozini o‘ldirib, jasadini Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborganlikda aybdor deb topildi. “Millar” ko‘rsatuvida xabar berilishicha, voqea joriy yilning 30-mart kuni sodir bo‘lgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida A.T. iqrorlik ko‘rsatuvi bergan. Unda aytilishicha, bedarak yo‘qolgan S.E. o‘sha kuni aksiya doirasida avtomashina uchun kredit olish maqsadida bank filialiga kelgan. Ular filialda tortishib qolgan va soat 13:00 gacha birga bo‘lishgan. Shundan so‘ng ular S.E.ga tegishli Tracker avtomobili ichida gaplashib olish uchun yo‘lga chiqishgan. O‘zbekiston tumani “Taraqqiyot” MFY hududiga yetib kelgach, o‘rtada yana janjal kelib chiqqan.
Iqrorlikka ko‘ra, A.T. o‘zi bilan olib yurgan oshxona pichog‘i bilan avtomashina ichida S.E.ning bo‘yin qismiga bir necha marotaba zarba berib, uni qasddan o‘ldirgan. U marhumning jasadini avtomashina ichida qoldirib, ish joyiga qaytgan va soat 19:00 gacha ishlagan. Shundan keyin u yana avtomashinasida Katta Farg‘ona kanalining O‘zbekiston tumani To‘lash mahallasi hududidan oqib o‘tgan qismiga borib, jasadni suvga tashlab yuborgan. Marhumning jasadi olti kundan so‘ng topilgan.
Sud Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida bo‘lib o‘tdi. Sudda qayd etilishicha, sudlanuvchi mijozda avtomobil to‘lovi uchun 5700 dollar borligini bilib, pullarni egallash rejasini tuzgan. U jabrlanuvchini ishonchiga kiritib, boshqaruvidagi Tracker avtomashinasida shahar tashqarisiga olib chiqqan. Janjal vaqtida sudlanuvchi avtomashinasida olib yuradigan oshxona pichog‘i bilan jabrlanuvchining bo‘yin va tanasining turli sohalariga 20 martadan ortiq zarba berib, uni o‘ldirgan.
Shundan so‘ng u jasadni avtomashinasiga solib, bankka qaytgan va ish vaqti tugaguniga qadar ishlagan. Kechga tomon esa jinoyat izlarini yo‘qotish maqsadida marhumning jasadini Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan. “Uchta qizdan keyin tilab-tilab olgan o‘g‘limiz edi bu. Onix olaman deb, 5700 pulni berdim. Xo‘jayinim ikkalamiz duo qildik. Xursandchilik bilan uydan chiqib ketgan edi”, — deydi marhumning onasi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” va “i” bandlari (O‘ta shafqatsizlik bilan va tamagirlik niyatida odam o‘ldirish) bilan aybli deb topdi. Unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘taladi. Shuningdek, sud hukmi bilan marhumning qonuniy vakiliga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararni undirish belgilandi.
Source: www.gazeta.uz