Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida joylashgan maktabda o‘qituvchining birinchi sinf o‘quvchisini dars paytida bir necha marta yuziga urgani aks etgan video tarqaldi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi voqea yuzasidan rasmiy tekshiruv boshlaganini ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 16-sentabr kuni taxminan soat 10:30 da Kosonsoy tumanidagi 39-maktabning 1-“B” sinfida uchinchi dars paytida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qituvchi bola kitobdagi topshiriqni o‘qiy olmaganidan so‘ng unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Bu holat sinfdagi boshqa o‘quvchilar oldida yuz bergan.
Boshqarma tomonidan voqea holatlarini to‘liq aniqlash maqsadida ishchi guruh tuzilgan. Hozirda xizmat tekshiruvi olib borilmoqda, uning davomida sodir bo‘lgan voqeaga va mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho beriladi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, maktab rahbariyati va o‘qituvchiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi mumkin.
Viloyat boshqarmasi ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, har qanday zo‘ravonlik shakllariga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini alohida ta’kidladi. Bu voqea pedagoglarning bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilganliklari uchun javobgarligi kuchaytirilgan bir paytda yuz berdi.
O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki psixologik zo‘ravonlik qilish uchun 1 dan 5 gacha bazaviy hisoblash miqdorida jarima nazarda tutilgan. Ma’muriy javobgarlikka tortilgan pedagoglar bir yil muddatga bolalar bilan ishlashdan chetlashtiriladi. Bu choralar bolalar xavfsizligini ta’minlash va ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan.
Source: podrobno.uz