Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi sobiq Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti (ITI) o‘rnida barpo etiladigan istirohat bog‘i hududini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda uning Telegram kanalida xabar berildi.

“Bu yerda ko‘l, ko‘kalamzor maydonlar paydo bo‘ladi hamda oilaviy, bolalar bilan dam olish, sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish uchun barcha qulayliklar muhayyo qilinadi”, — dedi u. Saida Mirziyoyevaga PAning boshqa vakillari, shuningdek, poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov va mamlakat bosh prokurori o‘rinbosari Salom Samadov hamrohlik qildi.

“Toshkentga ko‘proq yashil maskanlar kerak. Ayniqsa, issiq iqlimimiz sharoitida daraxtlar, suv havzalari va soya-salqin joylar aholi turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi”, — deb ta’kidladi administratsiya rahbari. “Bunday maskanlar poytaxtimizning barcha tumanlarida tashkil etilishi lozim. Shaharda istirohat bog‘larini yanada ko‘paytirish, mavjud yashil asrab-avaylash, yangi ekologik toza mavzelarni barpo etish zarur. Toshkentni rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri shu, biz boshlangan ishlarni qat’iy davom ettiramiz”, — dedi u.

2023-yilda O‘zbekiston Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutini Andijon viloyatining Marhamat tumaniga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. O‘shanda institut hududida 19 mingta daraxt, asosan tut, shuningdek, boshqa turdagi daraxtlar o‘sishi xabar qilingandi. Uning binosi 1960-yillarda qurilgan. Bir vaqtlar institut 100 gektar maydonni egallagan. Hudud turar joylar bilan qurib borilishi natijasida u 20 gektardan kamroqqa qisqargan. Mahalliy aholi daraxtlarni saqlab qolish va hududda qurilish qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun unga milliy park maqomini berishni so‘rab murojaat qilgan edi.

2025-yil may oyida ko‘rsatilgan loyihada Shayxontohur tumani hokimiyati bu yerda ekopark tashkil etilishi va daraxtlar soni 2 baravarga oshirilishini ma’lum qilgan edi. Daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish ishlari boshlangandi. Shu bilan birga, loyiha renderlarida ko‘ngilochar park haqida so‘z borgan. Joriy yildagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida hududda allaqachon aylana va oval shaklidagi piyodalar yo‘laklari barpo etilganini ko‘rish mumkin. Yangi eskizlarda favvorasi va atrofida yo‘lagi bo‘lgan katta cho‘ziq suv havzasini, shuningdek, hovuzli kanal va bir nechta kichik suv havzalarini ko‘rish mumkin.

Source: www.gazeta.uz