18-sentabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining uchinchi turi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning asosiy erkaklar jamoasi Avstriyani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. O‘zbekiston-2 turnir favoritlaridan biri — Germaniyaga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, mamlakatning uchinchi jamoasi Marokashni tor-mor etdi.
Uy Olimpiadasida ikkinchi partiyasini o‘tkazgan Javohir Sindarov ikkinchi doskada oq donalar bilan avstriyalik grossmeyster Feliks Bloxbergerni (2552) yengdi. Bu o‘zbekistonlik shaxmatchi uchun ketma-ket ikkinchi g‘alaba bo‘ldi: u bir kun avval Peru vakili Diyego Saul Rodri Flores Kilyas ustidan yorqin g‘alabaga erishgandi. Sindarov bosqichma-bosqich ustunlikka erishib, bahsni 44-yurishda yakunladi. Shaxmatchining mashg‘ulotlari, murabbiylar bilan ishlashi hamda xalqaro musobaqalarda, shu jumladan, 2026-yilgi Samarqand Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishi O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Asosiy jamoa hisobiga yana bir g‘alabali ochkoni Konstantin Peyrerni mag‘lub etgan Muhiddin Madaminov keltirdi. Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov Kirill Alekseyenko bilan, Nodirbek Yoqubboyev esa Lukas Dotser bilan durang o‘ynadi. Natijada O‘zbekiston Avstriyani 3:1 hisobida mag‘lub etib, jamoaviy bahslarda qatorasiga uchinchi g‘alabasini tantana qildi. Shu tariqa, birinchi raqamli jamoa Olimpiadaning dastlabki uchta uchrashuvida — Yamayka, Peru va Avstriyaga qarshi o‘yinlarda g‘alaba qozonib, maksimal 6 jamoaviy ochkoga ega bo‘lib turibdi.
O‘zbekistonning ikkinchi terma jamoasi turnirdagi ilk ochkolarini yo‘qotdi va musobaqaning 5-raqamli jamoasi sanalmish Germaniyaga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Birinchi doskada Jahongir Vohidov nemislar yetakchisi Vinsent Keymerga yutqazib qo‘ydi. Abdumalik Abdisalimov Mattias Blyubaum bilan, Muhammadjohid Suyarov Frederik Svane bilan, Ortiq Nigmatov esa Rasmus Svane bilan durang qayd etdi. Uch turdan keyin O‘zbekiston-2 hisobida to‘rtta jamoaviy ochko mavjud — ikki g‘alaba va bir mag‘lubiyat.
O‘zbekistonning uchinchi jamoasi Marokashni 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi. Saydakbar Saydaliyev, Muhammadali Abdurahmonov va Asrorjon Omonov to‘liq ochko qo‘lga kiritdi. Bahrom Bahrillayev esa o‘z partiyasini durang bilan yakunladi. O‘zbekiston-3 ham uch turdan so‘ng 4 jamoaviy ochko to‘pladi. Jamoa yagona mag‘lubiyatini Germaniyadan qabul qilib olgan.
Reyting yetakchilari ham o‘z uchrashuvlarini asosan g‘alaba bilan yakunladi. AQSh Daniyani (2,5:1,5), Hindiston Italiyani (3:1), Xitoy Bolgariyani (3,5:0,5), Niderlandiya Avstraliyani (2,5:1,5), Ozarbayjon Shveysariyani (3:1), Fransiya Qozog‘istonni (3,5:0,5), Armaniston Shvetsiyani (2,5:1,5), Vengriya esa Sloveniyani (2,5:1,5) mag‘lub etdi. Turning bosh sensatsiyalaridan biri Norvegiyaning Singapurga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berishi bo‘ldi. Musobaqa oldidan Singapur 50-raqam, Norvegiya esa 21-raqam ostida tasniflangan edi. Yana bir kutilmagan natijani Qirg‘iziston qayd etdi: 79-raqamli jamoa 31-raqamli Braziliyani 2,5:1,5 hisobida yengishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekistonning birinchi ayollar milliy jamoasi ham g‘alabali odimini davom ettirib, Indoneziyani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Afruza Hamdamova Diayeng Tereza Singgih bilan, Gulruhbegim Tohirjonova esa Lisa Latifa bilan durang o‘ynadi. Umida Omonova Shafira Devi Xerfesa ustidan, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva esa Chelsi Monika Ignesias Sihite ustidan g‘alaba qozondi. O‘zbekistonlik qizlar barcha uchta uchrashuvda g‘olib chiqib, maksimal 6 jamoaviy ochko to‘pladi. Doskalarda jamoa hisobida 11 ochko bor. Uchinchi tur yakunlariga ko‘ra, rasmiy turnir jadvalida AQSh, Ruminiya, Hindiston, Polsha, Vetnam, Isroil, Armaniston, Qozog‘iston va Xitoy kabi yana qator terma jamoalar xuddi shunday maksimal natija qayd etib turibdi.
O‘zbekistonning ikkinchi ayollar terma jamoasi Ispaniyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Nilufar Yoqubboyeva va Asal Salimova durang o‘ynagan bo‘lsa, Marjona Malikova va Madinabonu Xalilova mag‘lubiyatga uchradi. Uchinchi ayollar terma jamoasi esa, aksincha, Saudiya Arabistonini 4:0 hisobida tor-mor etdi. Zilola Aktamova, Maftuna Bobomurodova, Shohina Ahmedova va Ozoda Shahzodova o‘z partiyalarida zafar quchdi. Uch turdan so‘ng O‘zbekistonning ikkinchi va uchinchi ayollar terma jamoalari hisobida to‘rttadan jamoaviy ochko bor.
Olimpiadaning amaldagi chempioni bo‘lmish Hindiston termasi Gretsiyani 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi. Qozog‘iston Sloveniyani xuddi shu hisobda yengdi, Xitoy Turkiyadan ustun keldi (3:1), AQSh Kubani (3,5:0,5), Polsha Latviyani (4:0), Armaniston Xorvatiyani (4:0), Gruziya esa BAAni (4:0) mag‘lub etdi. Favoritlar qatoridagi ikki jamoa birdaniga mag‘lubiyatga uchradi: Ukraina Argentinaga (0,5:3,5), Fransiya esa Eronga (1:3) imkoniyatni boy berdi. Chess.com ushbu ikki natijani ayollar Olimpiadasining 3-turidagi asosiy sensatsiyalar sirasiga kiritdi.
19-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan to‘rtinchi turda O‘zbekistonning birinchi erkaklar jamoasi Turkiyaga qarshi dona suradi. Har ikki jamoa uch turdan so‘ng 6 tadan jamoaviy ochko jamg‘argan. Tur oldidan O‘zbekiston 4-o‘rinni, Turkiya esa 16-o‘rinni egallab turibdi. O‘zbekiston-2 Yangi Zelandiya bilan to‘qnash keladi. Ikkala jamoada ham 4 tadan ochko bor: O‘zbekistonning ikkinchi jamoasi 31-o‘rinda, uning raqibi esa 91-pog‘onada bormoqda. Shuningdek, 4 ochko to‘plagan O‘zbekiston-3 jamoasi Yaman bilan kuch sinashadi.
Ayollar musobaqasida dastlabki uchta bahsning barchasida g‘alaba qozonib, 6 ochkoga ega bo‘lgan O‘zbekistonning asosiy jamoasi Argentina bilan bahslashadi. To‘rtinchi tur oldidan o‘zbekistonlik shaxmatchi qizlar 3-o‘rinda, argentinaliklar esa 9-o‘rinda qayd etilgan. O‘zbekiston-2 Qirg‘izistonga qarshi bahs olib boradi — ikki jamoa hisobida ham 4 tadan ochko mavjud. O‘zbekistonning uchinchi ayollar terma jamoasi esa Kuba bilan kuch sinashadi. Uch tur yakunlariga ko‘ra, ushbu jamoalarda ham 4 tadan jamoaviy ochko bor. Musobaqa 11 turdan iborat bo‘lib, shveysarcha tizimda o‘tkazilmoqda. Jamoaviy g‘alaba uchun 2 ochko, durang uchun esa 1 ochko beriladi.
Source: www.gazeta.uz