Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan Izmir Art Stroy MCHJ tomonidan qurilgan uchta turar joy majmuasi — Jarqo‘rg‘on ko‘chasidagi Izmir House, Ohangaron shohko‘chasidagi Neom Tower va Kelajak uylari majmualari bo‘yicha 15-sentabr kuni poytaxt prokurori Anvar O‘rmonov va Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov ishtirokida fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ma’lum qilinishicha, mazkur loyihalarda jami 2688 ta xonadon qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning qariyb 90 foizi sotilgan. Biroq qurilishning belgilangan muddatlarda tugamagani fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lgan.
Jabrlanuvchilarning shikoyatlari ortidan 2026-yil 25-iyun kuni Izmir Art Stroy MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya mansabdor shaxslari 1530 nafar fuqaro bilan shartnomalar tuzib, oldindan to‘lov sifatida 287 mlrd so‘m mablag‘ni naqd va o‘tkazma yo‘llari orqali qabul qilgan. Hozirga qadar jinoyat ishi doirasida 552 nafar fuqaro so‘roq qilingan.
Toshkent shahar prokurori Anvar O‘rmonovning aytishicha, kompaniyaning rasmiy direktori G.H. qamoqqa olingan, qurilishni “parda ortida boshqargan va moliyalashtirgan” norasmiy direktorlar — A.M., Z.I. va Z.K.ga nisbatan esa qidiruv e’lon qilingan. “Siz, fuqarolar, bilan maslahatlashib, ularga imkoniyat berdik, kelib qurilish jarayonlarini yakuniga yetkazishlari uchun sharoit yaratishga qaror qildik. Ammo bir oy o‘tdi — ular kelmadi. Shuning uchun bugun ularga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlandi”, — dedi prokuror.
Muammoli obyektlarni qurib bitkazish uchun tadbirkor Kamoliddin Allamuratov rahbarligidagi Global Pipe Trader kompaniyasi jalb etilgan. Allamuratov o‘zini Surxondaryodan kelgan yirik klaster vakili sifatida tanishtirib, kompaniya Izmir Art Stroy’dan qolgan chala obyektlarni qurib bitkazish bo‘yicha kelishuvga erishganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya hozirgacha qurilish uchun fuqarolardan yangi mablag‘ olmagan va ishlar kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan olib borilmoqda. “Bizning asosiy maqsadimiz — odamlarga uyini tezroq bitkazib berish. Hozirgacha biror fuqarodan bir so‘m pul olganim yo‘q”, — dedi tadbirkor. Allamuratovning aytishicha, kompaniyaning shaxsiy hisobida hozirgi kunda 10 mln dollar mablag‘ mavjud.
Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulovning aytishicha, Jarqo‘rg‘on ko‘chasidagi sakkizta va Ohangaron shohko‘chasidagi beshta — jami 13 ta blok bo‘yicha alohida tarmoqli grafik ishlab chiqiladi. “Har bir fuqaro o‘z uyini nazorat qilishi oson bo‘ladi. Qaysi kuni podval quyiladi, qaysi kuni poydevori qilinadi, qaysi kuni kotlovan qaziladi, qaysi kuni tomi yopiladi, qaysi kuni oynasi qo‘yiladi — har bitta jarayonni bilib turishi kerak”, — dedi u. Rahmonqulovning ta’kidlashicha, yangi quruvchi Izmir Art Stroy MCHJning avvalgi faoliyati bilan bog‘liq holatlar uchun javob bermaydi.
Uchrashuv davomida fuqarolar ikki marta sotilgan xonadonlar, soxta shartnomalar va to‘lovlarni qanday tasdiqlash masalasini ko‘tardi. Prokuror Anvar O‘rmonovning ta’kidlashicha, ayrim xonadonlar bir necha kishiga sotilgan bo‘lishi mumkin. “Biz uyni tezroq va sifatli bitirishimiz kerak. Fuqarolarga pulni qaytarish masalasi ikkinchi darajada bo‘ladi”, — dedi prokuror. Shuningdek, Yashnobod tumani prokurori Zabixulla Ziyodullayevning ma’lum qilishicha, jinoyat ishi doirasida Izmir Art Stroy va Global Paper Trade hisobraqamlari xatlangan.
Uchrashuv yakunida yangi quruvchi Global Pipe Trader kompaniyasidan har bir obyekt bo‘yicha ish hajmi, mablag‘ va muddatlarni aniq ko‘rsatuvchi grafik hamda smeta tayyorlash talab qilindi. Keyingi uchrashuvni bir haftadan so‘ng o‘tkazish taklif etilib, unda har bir blok bo‘yicha qurilishni qachon va qanday mablag‘ hisobidan tugatish rejalashtirilayotgani ekran orqali ko‘rsatilishi, fuqarolar esa savol berish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniga ega bo‘lishi aytildi.
Source: www.gazeta.uz