O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston yaqin yillarda “yashil” energiya ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik markazlardan biriga aylanishini ma’lum qildi. Davlat rahbari so‘nggi yillarda respublikada 860 MVt yangi energetika quvvatlari foydalanishga topshirilganini ta’kidladi.
Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarish 4 baravarga oshib, 5,33 milliard kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich aholi va korxonalarning yillik ehtiyojidan deyarli 3 baravar ko‘pdir. Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida shamol elektr stansiyalari qurilishi sharofati bilan umumiy ishlab chiqarishda “yashil” energiya ulushi 23 foizga yetdi.
Prezident kuni kecha bir qator loyihalarni ishga tushirdi va yangilarining qurilishiga start berdi. Ishga tushirilganlar orasida Qorao‘zak tumanidagi umumiy quvvati 300 MVt bo‘lgan ikkita shamol stansiyasi va quvvati 100 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimi bor. Qo‘ng‘irot tumanida quvvati 1,5 GVt bo‘lgan yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi aktiv fazaga o‘tmoqda.
Qiymati 2,6 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyiha Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 1500 km uzunlikdagi yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmoqlari tortiladi, 500 kV kuchlanishli uchta podstansiya quriladi va yana ikkitasi modernizatsiya qilinadi.
2030-yilga borib umumiy quvvati 3300 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini foydalanishga topshirish kutilmoqda, “yashil” energiya ulushi esa 76 foizgacha oshishi lozim. Bundan tashqari, 400 MVt quvvatga ega energiya saqlash qurilmalari barpo etiladi. Bu loyihalar Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotini rivojlantirish va energiya xavfsizligini ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi.
Source: www.gazeta.uz