Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kelgusi yilda Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda. Mablag‘lar sanoat, xomashyoni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi loyihalarga yo‘naltirilib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev geologik xomashyo zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar yetarli emasligini ta’kidladi. Hozirda tadqiqotlar hududning atigi 20 foizini qamrab olgan. Investorlar qiziqishi ortib borayotgan bir paytda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va konlar zaxirasini qayta baholash vazifasi qo‘yildi.

Prezident misol sifatida Qorao‘zak tumanidagi “Urusoy” konini keltirdi. Xitoylik investor loyihaga 33 million dollar kiritib, yangi texnologiyalarni qo‘lladi, natijada 200 gektar maydonda 4 tonna oltin zaxirasi aniqlandi. Loyiha allaqachon 320 ish o‘rni yaratdi.

Bir oy muddatda investorlar ko‘targan masalalarni hal qilish, shuningdek, 1 ming ish o‘rniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasterini tashkil etish topshirildi. Bundan tashqari, kompleks geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqish va konlar zaxirasini qayta baholash rejalashtirilgan.

Boshqa turdagi xomashyoni qayta ishlash bo‘yicha ham alohida loyihalar ko‘zda tutilgan. Qo‘ng‘irot tumanidagi “Borsakelmas” konida yiliga 1 million tonna texnik tuz qayta ishlanmasdan sotilmoqda. Bo‘zatau tumanidagi “Qusqanatau” konida mirablitni qayta ishlash, yiliga 45 ming tonnagacha natriy sulfat ishlab chiqarish, astraxanitdan magniy sulfat olish taklif etilmoqda.

Yana bir loyiha Beruniy tumanidagi kvartsit koni bilan bog‘liq. Nemis kompaniyasi 30 million dollar investitsiya kiritib, kristall kremniy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va yiliga 25 million dollarlik eksportga chiqish niyatida. Jahon bozorida bunday xomashyoning bir tonnasi 5,5 ming dollar atrofida baholanadi.

Boshqa sohalar uchun ham alohida rejalar tayyorlangan. Amudaryo, Beruniy, Taxtako‘pir, Qegayli va To‘rtko‘l tumanlarida 150 million dollarlik to‘qimachilik va ko‘nchilik sanoati loyihalari amalga oshiriladi.

Nukus, Nukus va Qorao‘zak tumanlarida 200 million dollarlik elektrotexnika loyihalari, Qorao‘zak, Bo‘zatau va Beruniy tumanlarida 100 million dollarlik energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Yana 120 million dollar Nukusda avtokomponentlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Nukus, Qanliko‘l, Qegayli, Chimboy va Bo‘zatau tumanlarida 50 million dollarlik farmatsevtika loyihalari paydo bo‘ladi.

Taxtako‘pir tumanida Italiyaning Bonifica Ferrarizi kompaniyasi bilan 50 million dollarlik qo‘shma loyiha boshlanadi. 2 ming gektar maydonda pomidor va don ekinlari yetishtirilib, qayta ishlanadi va Yevropaga eksport qilinadi.

15 oktyabrgacha tumanlarda potensial investorlar uchun taqdimotlar o‘tkazilishi kerak. Viloyat rahbarlariga investorlarni jalb qilish va 2-3 ming yuqori maoshli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

Bundan tashqari, “xomashyo – tayyor mahsulot – eksport” tamoyili bo‘yicha aniq loyihalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi, bu bir vaqtning o‘zida bandlikni oshirish va mintaqada qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish imkonini beradi.

Avvalroq Nukusda birinchi marta Britaniyaning Pearson BTEC kasb-hunar ta’limi dasturi bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yilgani xabar qilingandi. Texnikum shuningdek, 40 million dollarlik yangi sanoat zonasi uchun mutaxassislar tayyorlaydi.

Source: podrobno.uz