Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt va data-markazlar sohasida umumiy qiymati 8 milliard dollar bo‘lgan oltita loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Buning uchun mintaqada maxsus zona tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Qoraqalpog‘iston katta yer resurslari, foydali qazilmalar, yirik yaylovlar, shuningdek quyosh va shamol energiyasi salohiyatiga ega. Ushbu imkoniyatlar asosida yangi sanoat va investitsiya xaritasi ishlab chiqiladi – xom ashyo qazib olishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oladi.

“Qo‘ng‘irot – Qorao‘zak – Taxiatosh” yo‘nalishini Qoraqalpog‘istonning “yashil sanoat koridori” va “intellektual iqtisodiyot uchburchagi”ga aylantirish rejalashtirilmoqda. Bu hududda sun’iy intellekt va data-markazlar bo‘yicha loyihalar uchun maxsus zona tashkil etilib, 8 milliard dollarlik oltita tashabbus amalga oshiriladi.

1-oktabrga qadar besh yillik dasturni ishlab chiqish va investorlarni 1 gigavatt quvvatdagi barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi. Shuningdek, uch yil ichida Nukus, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Taxiatoshda 1,5 ming yuqori maoshli ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlari eksportini yiliga 600 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda yangi ishlab chiqarish ob’ektlarini ishga tushirgani va yirik tashabbuslarga start bergani xabar qilingandi. Mintaqada 592 million dollarlik 11 loyiha ishga tushirilib, 7 milliard dollarlik yana 47 loyiha qurilishi boshlandi.

Source: podrobno.uz