Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan viloyatida dahshatli voqea yuz berdi: davlat bog‘chalaridan birida ishlovchi ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda «Daryo» nashri xabar berdi.

Bolalar ombudsmani idorasining «Gazeta»ga ma’lum qilishicha, bolaga qarshi sodir etilgan mazkur jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan 12-sentabr kuni tuman IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shu kunning o‘zida gumonlanuvchi K.M. protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining bildirishicha, xabar kelib tushishi bilan Uchqo‘rg‘on tumani «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari bolaning yashash xonadoniga yetib borib, holatni birlamchi baholashdan o‘tkazgan. Baholash natijasiga ko‘ra, bola yuqori xavf darajasida ekani aniqlangan. Shundan so‘ng «Inson» markazi xodimlari ichki ishlar organlari va tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda bolaning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rgan.

«Hozirda bola va uning onasi psixologik, tibbiy va huquqiy yordam bilan qamrab olingan, shuningdek, zarur ijtimoiy xizmatlar tashkil etilgan. Ayni vaqtda bola o‘z oilasi bag‘rida, ota-onasining qaramog‘ida», — deyiladi xabarda. Bolalar ombudsmani mazkur ish yurituvida vakolatlari doirasida jabrlanuvchi bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi bo‘yicha o‘z kuzatuvini olib borayotganini qo‘shimcha qildi.

Ushbu fojia jamiyatda katta shov-shuvga sabab bo‘lib, bolalar xavfsizligi va bog‘chalardagi nazorat masalasini yana bir bor kun tartibiga qo‘ydi. Tergov davom etmoqda, aybdorlar qonun oldida javob beradi.

Source: www.gazeta.uz