Oxford Economics tahliliy markazi tomonidan tayyorlangan Global Cities Index 2026 reytingida Toshkent dunyoning 1000 ta eng yirik shahri ichida 343-o‘rinni band etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 128 pog‘onaga yaxshilanishdir. Shuningdek, Toshkent jadal rivojlanayotgan va kelgusi yillarda reytingda sezilarli darajada yuksalishi mumkin bo‘lgan 28 ta shahar (28 Cities to Watch) qatoriga kiritildi.
Reyting hisobotida ta’kidlanishicha, Toshkent Markaziy Osiyoning eng istiqbolli shahar iqtisodiy markazlaridan biriga aylanmoqda. "SSSR parchalanishidan oldin Toshkent yirik sanoat shahri bo‘lgan... Biroq mustaqillikka erishgach va xalqaro bozorlarga chiqqach, shahar iqtisodiyoti yanada diversifikatsiya qilindi. Bugungi kunda O‘zbekiston poytaxti qurilishning jadal rivojlanishi va iqtisodiyotning turli tarmoqlariga sarmoyalar oqimi bilan hamohang tarzda barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. Bundan tashqari, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning ko‘plab boshqa shaharlaridan farqli o‘laroq, bu yerda aholi sonining barqaror o‘sib borishi kuzatilmoqda", — deyiladi hisobotda.
Shaharning geografik joylashuvi va malakali kadrlar mavjudligi uning asosiy afzalliklaridan biri sifatida qayd etilgan. Shu bilan birga, Oxford Economics aholi jon boshiga YAIMning past darajasi boyroq mamlakatlarga "aqllarning oqib ketishi" xavfini oshirishini ta’kidlaydi. Reyting tuzuvchilarning fikricha, e’tibor talab qiladigan yana bir muhim muammo — ekologik yuklanma, xususan, suv resurslarining taqchilligidir.
Reyting beshta toifani o‘zida birlashtiradi: iqtisodiyot, inson kapitali, hayot sifati, atrof-muhit va boshqaruv. Har bir toifa 0 dan 100 ballgacha bo‘lgan shkalada baholanadi, so‘ngra umumiy natijaga birlashtiriladi. "Iqtisodiyot" toifasida Toshkent 54,7 ball to‘plab, dunyoda 188-o‘rinni egalladi (kuchli 20 foizlikka kirdi). "Inson kapitali" bo‘yicha 61,5 ball bilan 108-o‘rinda (kuchli 20%). "Hayot sifati" toifasida 47,5 ball va 644-o‘rin (quyi 40%). "Atrof-muhit" bo‘yicha 45,1 ball va 806-o‘rin (quyi 15%). "Boshqaruv" bo‘yicha esa eng past — 40,2 ball va 825-o‘rin (quyi 15%).
"Samarali boshqaruv shaharning rejalashtirish, sarmoya kiritish hamda aholi va biznes ehtiyojlarini ta’minlash qobiliyatining asosini tashkil etadi", — deb tushuntiradi reyting mualliflari. Reytingning yetakchi o‘rinlarini AQSh, Yevropa va Osiyo shaharlari egallagan. Birinchi o‘rinda Nyu York (100 ball), ikkinchi o‘rinda London (98,8), uchinchi o‘rinda Parij (93,4). Kuchli o‘ntalikka Sietl, San Fransisko, Dublin, Boston, San Xose, Tokio va Syurix ham kirdi. Markaziy Osiyo shaharlari orasida Olmaota 265-o‘rinni, Ostona 281-o‘rinni, Bishkek 461-o‘rinni, Ashxobod 668-o‘rinni, Dushanbe 672-o‘rinni egalladi.
Source: www.gazeta.uz