O‘zbekistonda 2030-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini 46,1 GVtga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu yiliga qariyb 129 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. 2035-yilga kelib esa quvvatlar 57,2 GVtga, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 154,7 mlrd kVt⋅soatga yetkazilishi kutilmoqda. Mazkur rejalar 22-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga elektr energetikasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ko‘rib chiqildi.
Energetika tizimini kengaytirish zarurati iqtisodiyot, aholi soni va elektr energiyasi iste’molining o‘sishi bilan izohlanmoqda. 2030-yilga borib iqtisodiyot hajmini 300 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan, aholi soni esa 41 mln nafardan oshishi kutilmoqda. Sanoat sohasida elektr energiyasi iste’moli hozirgi 38 mlrd kVt⋅soatdan 53,5 mlrd kVt⋅soatga yetishi prognoz qilinmoqda. Elektr transporti va ma’lumotlar markazlari ham elektr energiyasiga qo‘shimcha talabni yuzaga keltiradi.
Iste’mol mo‘’tadil sur’atda o‘sgan taqdirda, mavjud rejalar talab va elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash imkonini beradi. Biroq sanoat, elektr transporti va raqamli infratuzilma jadalroq rivojlansa, qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari talab etiladi. Prezident energetika sohasini iqtisodiy o‘sishning jadallashgan ssenariysini hisobga olgan holda rejalashtirish va elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yetarli zaxira quvvatlarini yaratishni topshirdi.
Shu munosabat bilan qo‘shimcha shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish, shuningdek, quyosh va shamol energetikasi loyihalarini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiy samaradorligi past, moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmagan yoki uzoq vaqtdan buyon kechikayotgan ayrim loyihalarni qayta ko‘rib chiqish taklif etildi. Yangi elektr stansiyalarini tanlashda nafaqat ularning quvvati, balki elektr energiyasi tannarxi, tarmoqqa ulanish imkoniyati, energiya saqlash tizimlari bilan muvofiqligi va umumiy energetika balansiga ta’sirini ham hisobga olish ko‘zda tutilmoqda.
Hozirda umumiy quvvati 4,2 GVt bo‘lgan 26 ta energiya saqlash tizimi loyihasi shakllantirilgan bo‘lib, ularning 17 tasi amalga oshirilmoqda. 2030-yilga qadar qo‘shimcha loyihalarni tayyorlash topshirildi. Energiya saqlash tizimlari quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini to‘plab, kechki eng yuqori iste’mol soatlarida tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Prezident administratsiyasiga ko‘ra, bu an’anaviy elektr stansiyalarida qo‘shimcha gaz yoqishni kamaytirish va energetika tizimi barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Hozirda mamlakatda quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 6,3 GVtdan oshgan. Gidroelektr stansiyalari soni 100 tadan oshib, ularning jami quvvati 2,5 GVtga yaqinlashgan. Elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan bir qatorda, magistral elektr tarmoqlarini kengaytirish ham rejalashtirilmoqda. 2030-yilga qadar kuchlanishi 220 kV bo‘lgan 9 ta va 500 kV bo‘lgan 7 ta yangi podstansiya, shuningdek, qariyb 5000 km elektr uzatish liniyalarini qurish ko‘zda tutilgan.
2027−2029-yillarda kuchlanishi 500 kV bo‘lgan bir qator strategik elektr uzatish liniyalari va yangi podstansiyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Taqdimotda ularning qurilish jarayoni, moliyalashtirish manbalari va kechikishlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Qoraqalpog‘istonda raqamli iqtisodiyot uchun energetika infratuzilmasini yaratish masalasi ham alohida ko‘rib chiqildi. Hududda qurilishi rejalashtirilayotgan shamol elektr stansiyalarini umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan ma’lumotlar markazlari bilan bog‘lash taklif etildi. Buning uchun kuchlanishi 220 kV bo‘lgan yangi podstansiya va elektr uzatish liniyalarini qurish rejalashtirilmoqda. Mutasaddilar bahosiga ko‘ra, loyiha ma’lumotlar markazlarini energetika tizimiga integratsiya qilish va yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.
Avgust oyi oxirida energetika vaziri Sherzod Xodjayev ma’lum qilganidek, hozirgi rivojlanish sur’atlari saqlanib qolsa, 2030-yilga borib O‘zbekistonda “yashil” energetika ulushi belgilangan 54 foizlik marradan oshishi mumkin. Yangi loyihalar qatorida yirik issiqlik elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari, quyosh va shamol elektr stansiyalari bor.
Source: www.gazeta.uz