Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxona xo‘jaliklari faoliyatiga «yashil» texnologiyalarni joriy etish hamda ekologik xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan muhim taqdimot bilan tanishdi. Yig‘ilish davomida poytaxt va unga tutash tumanlardagi ekologik vaziyatni yaxshilash, shuningdek, havo tozaligini saqlash borasida qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ma'lum qilinishicha, o‘tgan yili maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, ayrim xo‘jaliklar hali ham ekologik talablarga zid ravishda ko‘mirdan foydalanib kelayotgani aniqlangan.

Kuz-qish mavsumida kuzatiladigan ob-havo sharoitlari, jumladan, shamolning sustlashishi va harorat inversiyasi issiqxonalardan chiqadigan zararli tashlamalarning poytaxt atmosferasida to‘planishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan, Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar uchun maxsus ekologik tartibni joriy etish taklif etildi. Ushbu tartibga ko‘ra, isitish tizimida tabiiy gaz, elektr energiyasi, geotermal hamda quyosh energiyasidan, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moylar va boshqa turdagi zararli chiqindilarni yoqish qat'iy taqiqlanadi. Qattiq yoqilg‘idan foydalanayotgan issiqxonalarga joriy yilning 1-dekabriga qadar muqobil energiya manbalariga o‘tish tavsiya etilmoqda. Faqatgina avtomatlashtirilgan qozonlar, zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari, tutun mo‘risining belgilangan minimal balandlik me'yorlariga muvofiqligi va xavfsiz saqlash sharoitlariga ega bo‘lgan ayrim issiqxonalarnigina qattiq yoqilg‘idan foydalanishiga istisno tariqasida ruxsat berilishi mumkin.

Joriy yilning 15-oktabridan kelgusi yilning 15-martiga qadar issiqxonalarda doimiy ekologik monitoring olib borilishi belgilandi. Ushbu jarayonda chang-gaz tozalash uskunalarining ishlashi, tashlamalar hajmi va yoqilg‘i turlari qat'iy nazorat qilinib, o‘lchov uskunalari hamda videokuzatuv ma'lumotlari Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi. Monitoring ishtirokini ta'minlash uchun dronlardan foydalanilib, jamoatchilik vakillari ham jalb etiladi.

Qoidabuzarliklar, jumladan, tozalash uskunalari o‘rnatilmagani yoki taqiqlangan yoqilg‘i ishlatilgani aniqlangan taqdirda, qat'iy ta'sir choralari ko‘rilib, zarur hollarda issiqxona faoliyati to‘xtatiladi. Tadbirkorlarga yangi talablarga moslashishda ko‘maklashish maqsadida har bir gektar uchun 50 million so‘mgacha subsidiya ajratish hamda yetti yil muddatga 3 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar berish taklif qilindi.

Source: kun.uz