Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi aholi uchun markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti va elektr energiyasi bo'yicha yangi tariflar loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Hujjatda gazlashtirilmagan hamda tabiiy gaz ta'minotida uzilishlar kuzatiladigan hududlardagi iste'molchilar uchun isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy me'yorini amaldagi 200 kilovat-soatdan 350 kilovat-soatgacha oshirish taklif etilmoqda.
Yangi tartibga ko'ra, joriy yilning 1-noyabridan boshlab 201 kilovat-soatdan 350 kilovat-soatgacha bo'lgan hajm uchun narx amaldagi 900 so'mdan 650 so'mga tushirilishi ko'zda tutilgan. Bu qo'shimcha hajm uchun tarifning qariyb 28 foizga arzonlashishini anglatadi. Masalan, oyiga 350 kilovat-soat elektr energiyasi sarflaydigan xonadon uchun to'lov 265 ming so'mdan 227,5 ming so'mgacha kamayishi, natijada oyiga 37,5 ming so'm tejab qolinishi kutilmoqda.
Mutasaddilarning tahlillariga ko'ra, bunday chora- tadbirlar isitish mavsumida elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojning keskin oshishi bilan bog'liq. Xususan, gazlashtirilmagan tumanlarda iste'moli yuqori bo'lgan oilalar ulushi mavsumiy ravishda ko'payib, 500 kilovat-soatdan ko'p quvvat sarflaydiganlar ulushi 3 foizdan 10 foizgacha oshgani qayd etilgan. Yangi bazaviy me'yor qariyb 1,5 milliondan ortiq xonadonni qamrab olib, ularga jami 171 milliard so'm mablag'ni tejash imkonini berishi taxmin qilinmoqda.
Shu bilan birga, loyihada respublika bo'ylab aholi uchun isitish va issiq suv tariflarini 30 foizga oshirish, shuningdek, maishiy ballonlarda yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz narxini 1 kilogramm uchun 2 ming so'mdan 5 ming so'mga ko'tarish nazarda tutilgan. Ehtiyojmand oilalarga esa ushbu oshishni qoplash uchun har bir kilogramm uchun 3 ming so'm miqdorida kompensatsiya to'lab berilishi va bu maqsadlarga 158 milliard so'm yo'naltirilishi aytilmoqda.
Hujjat loyihasi bo'yicha jamoatchilik muhokamalari joriy yilning 28-oktabriga qadar davom etishi rejalashtirilgan bo'lib, yakuniy qaror shundan so'ng qabul qilinishi kutilmoqda.
Source: www.uznews.uz