Mamlakatimizda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda kommunal xizmatlar tariflarini tartibga solishga qaratilgan muhim huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Ushbu tashabbuslar fuqarolarning qish mavsumiga tayyorgarligi va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishni nazarda tutadi.
Prezident farmoni loyihasiga koʻra, joriy yilning noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, tabiiy gaz bilan taʼminlanmagan hududlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun qish mavsumida elektr energiyasining bazaviy meʼyori amaldagi 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatgacha oshirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalarga suyultirilgan gaz xaridi uchun ham qator imtiyozlar koʻzda tutilgan. Unga koʻra, suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3000 soʻmdan, oyiga 20 kilogrammgacha kompensatsiya toʻlanishi belgilab qoʻyilishi taxmin qilinmoqda.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasida suyultirilgan gaz narxini 1 kilogramm uchun 5000 soʻm etib belgilash va 1-noyabrdan boshlab isitish hamda issiq suv uchun yangi tariflarni joriy etish taklif etilmoqda. Xususan, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab isitish va issiq suv tariflari oʻrtacha 30 foizga indeksatsiya qilinishi rejalashtirilgan.
Taʼkidlash joizki, ilk bor issiq suv tariflari hukumat qarori bilan butun respublika boʻyicha birxillashtirilgan holda tasdiqlanmoqda. Xususan, Toshkent shahrida isitish tariflari sutkasiga 1 kvadrat metr uchun 314 soʻm etib belgilanishi koʻzda tutilgan boʻlib, mazkur loyihalar muhokamasi 28-oktabrga qadar davom etadi.
Source: kun.uz