E-auksion ma’lumotlariga ko‘ra, Xorazm viloyatining Urganch shahridagi "UzXCMG" o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi ustav fondidagi davlatga tegishli 49,07 foiz ulush elektron savdoga qo‘yildi. Ushbu korxona kon sanoati hamda yerosti ishlari uchun maxsus texnika va uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, mamlakat sanoat tarmoqlarida muhim o‘rin tutadi.
Davlat ulushining boshlang‘ich narxi 140,53 milliard so‘mni tashkil etib, savdolarda qatnashish uchun talab etiladigan zakalat miqdori boshlang‘ich qiymatning 3 foiziga teng holda 4,22 milliard so‘m etib belgilandi. Auksion savdolari narxni bosqichma-bosqich oshirib borish tartibida o‘tkzilishi ko‘zda tutilgan.
Korxona joylashgan hudud Sanoatchilar ko‘chasida bo‘lib, yer uchastkasining umumiy maydoni 5,99 gektarni tashkil qiladi. Hujjatlarga asosan, bino va inshootlarning maydoni 23 ming kvadrat metrga teng bo‘lib, amaldagi ko‘rsatkich 24,4 ming kvadrat metrdan oshadi. Xaridor mazkur davlat aktivini barcha mavjud kreditorlik hamda debitorlik majburiyatlarini hisobga olgan holda qo‘lga kiritadi.
Moliyaviy ko‘rsatkichlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, korxona 2025-yilda o‘tgan yilga nisbatan muayyan o‘sishga erishgan bo‘lsa-da, 2026-yilning birinchi choragida yana 1,39 milliard so‘m zarar ko‘rgani qayd etilgan. Shuningdek, joriy yilning 1aprel holatiga ko‘ra, umumiy kreditorlik qarzi 248,34 milliard so‘mni, debitorlik qarzi esa 154,72 milliard so‘mni tashkil etib, moliyaviy muvozanatda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.
Source: www.gazeta.uz