Poytaxtda mahallalarni obodonlashtirish, yangi taʼlim muassasalarini barpo etish va shahar muhitini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi loyihalar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda Toshkent shahridagi taʼlim tizimining joriy holati va kelgusi yillarga moʻljallangan prognoz koʻrsatkichlari eʼlon qilindi, bu esa tizimdagi jiddiy muammolardan dalolat beradi.
Taqdimot maʼlumotlariga koʻra, 2025–2026-oʻquv yilida poytaxt maktablarida oʻquvchi oʻrinlari tanqisligi 141 ming nafarni tashkil etgan. Biroq vaziyat yanada murakkablashishi kutilmoqda: keyingi besh yil ichida oʻquvchilar soni yana 71 mingtaga yoki 14 foizga koʻpayishi prognoz qilinmoqda. Natijada, 2030–2031-oʻquv yiliga borib maktablardagi joy yetishmovchiligi 212 mingtaga yetishi taxmin qilinmoqda.
Yuzaga kelayotgan tanqislikni bartaraf etish maqsadida 2030-yilgacha respublika byudjeti hisobidan 48 mingta, mahalliy byudjet mablagʻlari evaziga esa 78 mingta yangi oʻquvchi oʻrnini yaratish rejalashtirilgan. Masʼullarning taʼkidlashicha, ushbu choralar evaziga maktablardagi yuklama koeffitsiyenti hozirgi 1,4 dan 2030-yilda 1,2 gacha pasayishi kutilmoqda. Shuningdek, 2026–2027-oʻquv yili uchun umumiy maydoni 64,6 ming kvadrat metr boʻlgan, 38 ming oʻrinli 24 ta yangi maktab loyihasi tayyorlab qoʻyilgan.
Shuningdek, maktabgacha taʼlim yoʻnalishida ham qator muammolar mavjud boʻlib, shaharda 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar soni 253 mingtani tashkil etadi. Hozirgi kunda ularning qamrovi 79,2 foizni tashkil etib, bogʻchalarda 65 ming oʻrinli tanqislik saqlanib qolmoqda. Muammoni hal etish uchun 2030-yilgacha respublika byudjetidan 8 mingta, mahalliy byudjetdan esa 32 mingta qoʻshimcha bogʻcha oʻrnini ochish moʻljallangan boʻlib, bu qamrov darajasini 92 foizga yetkazishi kerak.
Source: kun.uz