Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Mamlakatimiz rahbari tomonidan imzolangan yangi qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga jiddiy o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Ushbu o'zgarishlar voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va o'qitish bo'yicha ota-onalarning majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlikni yanada qat'iylashtirishga qaratilgan bo'lib, jamiyatda huquqiy tartibotni mustahkamlashni ko'zda tutadi.

Xususan, ota-onalar yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolalarni tarbiyalash va o'qitish bo'yicha majburiyatlarning bajarilmagani, jumladan, bu holat voyaga yetmagan shaxsning ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelgani uchun jarima miqdori 5 dan 10 bazaviy hisoblash miqdoriga (BHM) qadar oshirildi. Avval bu miqdor 1 dan 5 BHM gacha edi. Agar bunday huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilsa, jarima 10 dan 15 BHM gacha miqdorni tashkil etadi.

Shuningdek, qonunchilikda bolani noqonuniy ravishda diniy ta'limga jalb qilish holatlari uchun ham javobgarlik kuchaytirildi. Bunday harakatlar uchun ota-onalarga 10 dan 15 BHM gacha jarima solinishi belgilandi. Agar bu qoidabuzarlik yil davomida takrorlansa, 15 dan 20 BHM gacha jarima yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoq jazosi qo'llanilishi mumkin.

Bundan tashqari, bolalarning majburiy umumiy o'rta, o'rta maxsus va professional ta'lim olishiga to'sqinlik qilganlik uchun jarimalar ham oshirildi. Endilikda bunday qilmish uchun 15 dan 20 BHM gacha, takroriy sodir etilganda эsa 20 dan 30 BHM gacha jarima yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoq belgilandi. Shuningdek, bolalarga g'amxo'rlik qilmaslik, ya'ni ularning asosiy ehtiyojlarini qasddan qondirmaslik uchun ham alohida jarimalar joriy etildi.

Source: uznews.uz