Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva turkiyalik ishbilarmon Nejmeddin Bilol Erdogon hamrohligida Istanbuldagi Ibn Xaldun universiteti hamda Yenidogu maktabiga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif ikki mamlakat o'rtasidagi gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi qadam bo'ldi.

Safar davomida Saida Mirziyoyeva ushbu nufuzli ta'lim maskanlarining ilg'or o'qitish metodikalari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, mutasaddilar yosh avlodning bilim sifatini oshirish, ularning shaxsiy qobiliyatlarini rivojlantirish hamda mustaqil fikrlash ko'nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e'tibor qaratayotgani qayd etildi.

Tomonlar ushbu ijobiy tajribani O'zbekistonda joriy etish va kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Tashrif yakunlari bo'yicha ikki mamlakat ta'lim muassasalari o'rtasidagi sheriklikni chuqurlashtirish, o'qituvchilar va talabalar uchun o'zaro tajriba almashish dasturlarini yo'lga qo'yish bo'yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Prezident Administratsiyasi rahbari o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida ta'lim sohasi O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi rishtalarning ajralmas qismi ekanini alohida ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, mazkur qo'shma tashabbuslar yoshlarga yanada keng imkoniyatlar ochib beradi.

Source: uznews.uz