Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonda daxlsizlik va immunitet huquqiga ega boʻlgan shaxslarning aniq doirasi hamda ularga nisbatan jinoyat ishlarini yuritish tartibi huquqiy jihatdan tartibga solindi. Mamlakat rahbari tomonidan 14-oktabr kuni imzolangan yangi qonun ushbu sohadagi barcha meʼyorlarni yagona tizimga keltirib, huquqiy kafolatlarni mustahkamladi. Shuning bilan birga, mazkur huquqlarni qasddan buzganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari ham qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Qonunchilikka muvofiq, daxlsizlik huquqiga ega shaxslar sirasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman), bolalar ombudsmani, sudyalar, prokurorlar, tergovchilar, surishtiruvchilar, advokatlar, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari hamda prezidentlikka nomzodlar oʻz maqomida boʻlgan davrda kiritildi. Shuningdek, Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari ham oʻziga xos daxlsizlik maqomiga ega boʻlib, ular ishdan boʻshatilganidan keyin besh yil davomida oʻz lavozim vazifalariga bogʻliq boʻlmagan harakatlari uchun daxlsizlikdan foydalanadilar.

Immunitet huquqiga kelsak, bu maqom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari va ularning oila aʼzolariga tatbiq etiladi. Xususan, Administratsiya boshqaruv xodimlari oʻz vazifalarini bajarish chogʻida qabul qilgan qarorlari va sodir etgan harakatlari uchun immunitetga ega boʻlsa, parlament aʼzolari esa faqat ovoz berish va oʻz fikrini erkin bildirish huquqi boʻyicha immunitet bilan taʼminlangan.

Yangi qonun hujjatlariga binoan, daxlsizlik huquqiga ega shaxslarni ushlab turish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga majburiy olib kelish taqiqlanadi. Biroq, jinoyat ustida yoki uni sodir etgan zahoti qoʻlga tushish kabi istisno hollarda ularni uch soatgacha ushlab turishga ruxsat etiladi. Shuningdek, bunday shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun tegishli organlar yoki Prezidentning maxsus roziligi talab qilinishi belgilandi.

Source: kun.uz