O'zbekistonda jamoat joylarida va boshqa joylarda uchraydigan shilqimlik va jinsiy teginishlar uchun ma'muriy javobgarlik choralari sezilarli darajada og'irlashtirildi. Ushbu o'zgarishlar mamlakat rahbari tomonidan imzolangan tegishli qonun doirasida amalga oshirildi va fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.
Ma'lum qilinishicha, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 41-1-moddasiga kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, shaxsga nisbatan bir martalik qo'pol yoki bir necha bor takrorlanadigan, uning xohishiga qarshi bo'lgan hamda qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar uchun jazo choralari oshirildi. Bularga tashqi ko'rinish yoki tana tuzilishini shubhali ta'riflash, imo-ishoralar qilish, tegishish va jinsiy moyillikni bildiruvchi chaqiriqlar kiradi.
Qonunchilikdagi yangi tartibga asosan, endilikda bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinishi yoki 10 sutkagacha ma'muriy qamoqqa olinishi belgilandi. Eslatib o'tamiz, ilgari bu turdagi qoidabuzarliklar uchun 2 dan 5 BРV gacha jarima yoki 5 sutkagacha bo'lgan qamoq jazosi qo'llanilgan edi.
Shuningdek, agar shunday huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, javobgarlik yanada og'irlashadi. Xususan, jarima miqdori avvalgi 5–7 BРV o'rniga 15–20 BРV gacha oshirildi. Shu bilan birga, 15 sutkagacha bo'lgan ma'muriy qamoqqa olish tarzidagi muqobil jazo chorasi o'zgarishsiz qoldirildi.
Source: uznews.uz