O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Istanbul shahriga amalga oshirgan safari doirasida Turkiyaning ilg‘or texnologiyalar va mudofaa sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Baykar kompaniyasi majmuasida bo‘ldi. Tashrif davomida yuqori texnologiyali ishlanmalar va innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishish imkoni yaratildi.
Safar chog‘ida ta’kidlanishicha, Turkiyaning o‘z texnologiyalarini yaratish borasidagi tajribasi O‘zbekiston uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Xususan, bu tajriba ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida bilim almashish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi qayd etildi.
Saida Mirziyoyeva Baykar kompaniyasining texnologik yutuqlari ortida ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlar, muhandislar jamoasining tinimsiz mehnati va xususiy ishlanmalarga yo‘naltirilgan salmoqli investitsiyalar turganini alohida e’tirof etdi. O‘zbekiston va turkiyalik mutaxassislar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik kelgusida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni yaratishga turtki berishi kutilmoqda.
Shuningdek, Istanbulga safari davomida Prezident Administratsiyasi rahbari Ibn Xaldun universiteti hamda Yenidogu maktabida ham bo‘ldi. Ushbu ta’lim muassasalarida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish va ilmiy almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Source: podrobno.uz