Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati Toshkent tumani hokimining o‘rinbosari tadbirkordan yer maydonini olib berish evaziga 25 ming AQSh dollari talab qilganlikda gumonlanib, huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati rasmiy ma'lumot tarqatdi va tezkor tadbirlar tafsilotlarini oshkor qildi.

Tergoholdi ma'lumotlariga ko‘ra, mansabdor shaxs mahalliy tadbirkorga qurilish texnologiyalari va kompozit eshiklar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan sanoat majmuasini tashkil etish uchun tuman hokimligi zaxirasidagi 1 gektar yer maydonini ajratishda ko‘maklashishni va'da qilgan. U bu ishni davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi tanishlari orqali auksion savdolariga chiqarib, so‘ngra uni yutib berish yo‘li bilan amalga oshirmoqchi bo‘lgani aniqlangan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi talab qilingan pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi. Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari jadal davom ettirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz